Oshxona

Sovuq kunlar taomnomasi

Qishda har qanday inson taomlarni issiq holda tanovul qilishni istaydi. Ammo iste’mol qiladiganingiz o‘ta issiq bo‘lmasligi kerak. Chunki tana uni sovitish uchun quvvat sarflaydi. Ovqatlar harorati 40-50 daraja bo‘lsa, ham tana isinadi, ham oshqozon shilliq pardasi jarohatlanmaydi.

Shuningdek, qish kunlarida ko‘proq bo‘tqa yeng, quritilgan mevalar kompoti va giyohli choylar iching. Sho‘rvalarga no‘xat, loviya kabi dukkakli mahsulotlardan qo‘shing. Qish kunlarida iloji boricha kamroq qahva iching.

Sabzavot

Kundalik taomnomangizda qaynatib pishirilgan sabzavotlar bo‘lishi shart. Lavlagi, sholg‘om, qovoqni ham qaynatib, ham gaz pechida dimlab pishirish mumkin. Tanovuli oson bo‘lishini istasangiz, ulardan turli salatlar tayyorlang. Shuningdek, biror meva yoki sabzavot sharbatini siqib ichishdan ham erinmang.

Sutli mahsulotlar

Nonushtaga yumshoq, oppoq non emas, qora non bilan pishloq yoki boshqa sutli mahsulot tanovul qiling. Non va pishloq o‘rniga suli yoki grechixadan bo‘tqa tayyorlab yesangiz ham bo‘ladi.

Salat bargi

Ko‘proq dasturxon va salat bezaklari uchun ishlatilgan bu ko‘kat A hamda S vitaminlari, kalsiyga boy bo‘lib, organizmda modda almashinuvini yaxshilaydi, suyaklarni mustahkamlaydi. Imkon qadar qish mavsumida dasturxoningizda muntazam ravishda salat bargi bo‘lsin.

Anor

Bu marjon meva S, A, Ye vitaminlari, foliy kislotasi hamda kletchatkaga boy. Tadqiqotlardan ma’lumki, doimiy ravishda anor iste’mol qilgan insonlarning tishi va suyaklari baquvvat bo‘ladi, yurak-qon tomir faoliyati yaxshilanadi. Bu mevani ayniqsa, homiladorlar ko‘proq iste’mol qilsa, foydali.

Sabzi

Emizuvchi onalar qish pallasida sabzi sharbati ichishni kanda qilmasalar, sut miqdori kamayib ketmaydi. Ammo sharbatga bir necha tomchi o‘simlik yog‘i qo‘shib yuborish lozimligini unutmang.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi