To‘g‘ri ovqatlanishning muhimligini anglab yetish bilan birga odam organizmida butun hayoti davomida ikki jarayon borishini anglab olish muhim. Birinchi jarayon bu vaqt o‘tishi bilan suyak to‘qimalarining buzilib borishi bo‘lsa, ikkinchisi yangi suyak to‘qimalarining qayta tiklanishidir. Afsuski, yosh ulg‘ayishi bilan buzilish jarayoni uning sintez jarayonidan ilgarilab ketadi. 30 yoshdan boshlab har yili odam suyak to‘qimalarining bir foizni yo‘qotib boradi. Shu sababdan ham ratsionni suyaklarni oziqlantiruvchi mahsulotlar bilan boyitib borish lozim.
Albatta suyaklarning sog‘lom bo‘lishini jismoniy faolliksiz tasavvur qilish qiyin. Biroq sport mashg‘ulotlaridan tashqari to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga ham rioya etish lozim. Suyak to‘qimasining mo‘rtligi rivojlanmasligi uchun ratsionni kalsiy bilan boyitish lozim.
Kalsiy — nafaqat suyaklar mustahkamligini saqlash imkoniyati, balki ichki organlarni himoya qilish vositasidir. Shuni ta’kidlash lozimki, kalsiyni sutli mahsulotlardan tashqarida ham topish mumkin.
Suyaklar uchun foydali mahsulotlar
- Suyak tizimiga bug‘doy doni, grechka, suli, makkajo‘xori va guruch ham so‘zsiz foyda keltiradi.
- Ratsionni yashil loviya, sabzi, ismaloq, piyoz, karam, kabachka, bodring, shirin qalampir va pomidor bilan boyitish lozim.
- Shuningdek, suyaklarga dukkakli o‘simliklar ham katta foyda keltiradi. Loviya, no‘xat va yasmiq kabilarni iste’mol qilish darkor.
- Pista va yong‘oqlarga ham e’tiborli bo‘lish tavsiya etiladi. Ayniqsa, qovoq urug‘i, kungaboqar va kunjut urug‘i juda foydalidir.
- Sutli mahsulotlar haqida so‘z yuritganda, shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ulardan yog‘lilik darajasi pasaytirilgan turlarini iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Ular ham organizmda suyak to‘qimasini shakllantiruvchi mikroelementlarga boy hisoblanadi.
- Nafaqat baliq yog‘i, balki yog‘li baliqlar ham biz iste’mol qilgan kalsiyni faollashtirib, yangi suyak to‘qimalari sintezini yuzaga keltiruvchi qimmatbaho D vitaminiga boydir.
Suyaklar uchun kaliy
Suyaklar sog‘lomligi uchun nafaqat kalsiy, balki kaliy ham muhim sanaladi. U kalsiyning suyaklardan yuvilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, hamda ularni mustahkam qiladi. Ushbu mikroelementni ismaloq va qo‘ziqorin, baliq, kartoshka kabi mahsulotlar tarkibidan topish mumkin.
Suyaklar uchun xavfli mahsulotlar
Suyaklar uchun eng xavfli mahsulotlarga sho‘r taomlar, tarkibida fosfor kislotasi mavjud bo‘lgan gazli ichimliklar, tarkibida spirt mavjud bo‘lgan ichimliklarni kiritish mumkin. Ko‘p miqdorda ichilganda qahva ham suyaklarga salbiy ta’sir qiladi.
Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.