24 dekabr kuni "Yil ayoli-2018" milliy tanlovi va "Nafosat-2018" ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini aniqlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda har ikki tanlov g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra, ’Yil ayoli-2018’ milliy tanlovining “Gran-pri” oliy o‘ringa Muhammad al-Xorazmi nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining yosh olimasi Saida Beknazarova loyiq, deb topildi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Saida Beknazarova multimedia tizimlarida diskret-uzluksiz axborot resurslarga ishlov berish, qayta ishlashning usul, algoritmlar va dasturiy ta’minotlarni yaratish, jarayonlarini modellashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlari yuzasidan jami 169 ta ilmiy ishlari xorij va mamlakatimiz nufuzli jurnallarda chop etilgan. 9 ta darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiyalar muallifi. Axborotlarni qayta ishlash, uzatish jarayonlarda bir vaqt moboynida uzluksiz matn, audio, video ma’lumotlarni yo‘qotishlarsiz sifatli yetkazib berishga qaratilgan 15 ta EHM uchun yaratilgan dasturiy vositalarga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan guvohnomalar muallifi.
Shuningdek, Saida Beknazarova Nyuton medali sohibasi hamdir.