Bilasizmi?

Test jarayoni qayta ko‘rilib, qoidabuzar abituriyentlarning natijasi bekor qilinadi

Avval xabar qilinganidek, joriy yildan O‘zbekistonda ilk bor OTMga kirish kirish imtihonlari UZDIGITAL TV telekanallari tarmog‘i orqali, shuningdek, www.test2018.uz saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilmoqda.

Imtihon jarayonlarining ochiq-oshkoraligini ta’minlash uchun texnik mas’ul davlat organi sifatida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 1300 dan ziyod videokuzatuv tizimiga ulangan kameralar, respublika miqyosida tashkil qilingan 62 ta kutish pavilonida monitorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ob’yektlar ichkarisida o‘rnatilgan kuzatuv tizimi natijasida ko‘chirma materiallar, turli elektron aloqa vositalari, “Master Card” mikro audio-quloqchinlaridan foydalanishga uringan abituriyentlar imtihondan chetlatildi.

Birinchi marotaba imtihonlarni yozib olish amaliyoti joriy qilinib, davlat test markazi mutasaddilari test jarayonlarini qayta ko‘rib chiqadi va qoida buzganligi aniqlangan abituriyentlarning natijalarini bekor qilish choralarini ko‘radi. Bu haqda vazirlik xabariga tayanib “Xalq so‘zi” ma’lum qiladi.

Test imtihonlarida ochiq-oshkoralikni ta’minlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan yirik qamrovda keng foydalanish ilk marotaba joriy qilingani bois, kichik texnik nosozliklar ham kuzatildi.

Monitoring natijalariga ko‘ra, poytaxtimizda joylashgan “O‘zekspomarkaz” majmuasida o‘tkazilgan imtihon jarayonlarini maxsus ekranlarga olib uzatish jarayonida uzilishlar va xatoliklar zudlik bilan bartaraf qilingan.

Shu bilan birga, elektr energiyasining beqarorligi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida,Toshkent shahridagi namoyishlarda qisqa nosozliklarni keltirib chiqargan. Xuddi shu omil “Yoshlik” (Toshkent shahri) ob’yektida o‘tayotgan imtihonlarni olib uzatayotgan 2 ta aylanma kamera faoliyatini ishdan chiqargan.

Samarqand viloyatida abituriyentlarning yuz-qiyofasini tekshiruvdan o‘tkazuvchi kamera faoliyatida qisqa nosozlik kuzatilgan va muammo tezda bartaraf qilingan.

Aytish joizki, kunning ikkinchi yarmida tashkil qilingan imtihonlarning ikkinchi qismida imtihonlar o‘tkazilayotgan barcha ob’yekt va binolarda kuzatuv tizimi maromidagidek ishlagan, uzilish va nosozliklar kuzatilmagan.