O‘smir yoshli qizimning tili ertalablari oqish rang bilan qoplanib qolayapti. Oshqozon-ichaklarida muammo yo‘q. Ishtahasi yaxshi, uyqusi ham. Til rangining o‘zgarishi nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?
Jamila Rahimova, Jizzax viloyati
Deyarli barchamizda ertalablari til yuzasi oqarib qoladi. Bu tun bo‘yi faol bakteriyalarning til yuzasida to‘planib qolishining alomatidir. Uyqudan uyg‘ongach, og‘izdan noxush hid kelishi ham shundan. Tishlar tozalangach, yoqimsiz hid bartaraf etiladi. Tildagi oqimtir karashning boshqa sabablari ham yo‘q emas, bular: til a’zosining zararlanishi, dori vositalarining ta’siri, ichki organlar kasalligi, infeksiyalar, gipovitaminoz, disbakterioz hamda oshqozon-ichak tizimi buzilishlaridir. Til yuzasining o‘zgarishi karbolol kislotasi, antibiotiklar, sulfanilamidlar, tish yuvish pastalarining tarkibiga kirgan evkalipt va anis moylari ta’sirida ham kelib chiqishi mumkin.
Agar til yuzasidagi oqish karash qalin, oqish – och jigarrang tusda bo‘lib, til atrofiga ham tarqalsa gastritga taxmin qilinadi. Ushbu holatda og‘iz qurushi ham kuzatilishi mumkin. Me’da-ichaklar faoliyatidagi o‘zgarishlarda til yuzasidagi karash oqish dumaloq ko‘rinishdagi mayda dog‘chalar bilan aks etadi. Pankreatit belgisi til ustining sarg‘imtir rangga kirishi bilan xarakterlanadi.
Qizingizni gastroenterolog shifokor ko‘rigiga olib boring, kerakli tekshiruvlar o‘tkazilgach, muammo nimada ekanligi aniqlanadi.
Manba: Darakchi.uz