Bilasizmi?

Tojikistonda ayollarga tizzadan uzun kiyim kiyish rasman tavsiya qilindi

Tojikiston Madaniyat vazirligi ayollarga tizzasidan 15-20 santimetr past bo‘lgan kiyimlarni kiyish, undan kaltasini kiymaslikni tavsiya qildi. Vazirlik chop etgan "Tojikisitonda kiyinish bo‘yicha tavsiyalar" nomli kitobda ayollarning yevropacha kiyimlarni kiyishi taqiqlanmasligi aytilgan.

Ammo mini-yupka, dekolte, qorni ochiq yoki yupqa matodan tikilgan ko‘ylaklar, qora rangdagi kiyimlar tavsiya qilinmaydigan liboslar ro‘yxatiga tirkalgan.

Vazirlik dizaynerlari, ular tavsiya qilayotgan tizzadan 15-20 sentimetr pastga tushib turuvchi kiyimlar barcha yoshdagi ayollarga yaxshi yarashishini ta’kidlamoqdlar.

Tojikiston Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda shu yilning fevral oyida tojikistonlik erkaklar uchun ham milliy libos namunalari tayyor bo‘layotgani borasida xabar bergandi.

2014 yili Tojikistonda “Onalar kuni” sifatida nishonlanadigan 8 mart bayramida faollar bilan uchrashgan prezident Rahmon mamlakat shahar va qishloqlarida “tojik madaniyati hamda an’analariga zid ravishda” qora kiyim kiyib yurgan tojik ayollari paydo bo‘lganidan tashvish bildirgan.

2017 yilda mamlakat Diniy qo‘mitasi azada qora kiyishni ham taqiqlab¸ tojikistonliklarga motam marosimlarida ota-bobolaridan qolgan ko‘k chopon kiyishni tavsiya qilgandi.