Bilasizmi?

Tor poyabzalni kengaytirish borasida bir nechta maslahatlar

Deyarli har bir ayolning kiyim shkafida hali biron marta ham kiyilmagan kamida bir-ikki juft oyoq kiyimi saqlanib turadi. Chunki bu oyoq kiyim oyog‘ingizni chidab bo‘lmas darajada qisadi va qanday qilib uni sotib olganingizga o‘zingiz ham hayron qolasiz.

Lekin bu unchalik katta muammo emas. Oyoq kiyimini biroz kengaytirishga urinib ko‘rishning imkoni bor.

Bu muammoni mustaqil ravishda uydan tashqariga chiqmasdan bartaraf qilishga yordam beradigan bir nechta maslahatlarni to‘pladik:

  1. Agar oyoq kiyimi biroz qisayotgan bo‘lsa, oyoqqa ho‘l paypoq kiyib, xonalar bo‘ylab bu poyabzalda yurish kifoya qiladi. Bu bir necha marta takrorlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek bu oyoq kiyimini issiq fen bilan quritish tavsiya qilinadi.
  2. Oyoq kiyimini kengaytirish uchun muzlatish usulidan ham foydalaniladi. Tuflining ichiga oldindan sellofan paketlar joylanadi va unga to‘ldirib suv solinadi. Keyin muzlatgichga qo‘yiladi. Oyoq kiyimini uning ichida 10 soatdan ortiq ushlab turish tavsiya qilinadi, chunki bu vaqt ichida suv muzga aylanadi va uni bir-ikki santimetrga kengaytiradi.
  3. Suvni yorma bilan almashtirish mumkin. Yormaga suv quyish va u to‘liq shishguncha qoldirish zarur. Bu usul ham tuflingizga qo‘shimcha razmer qo‘shishga imkon beradi.
  4. Yormani oldindan g‘ijimlangan va ho‘llangan qog‘oz bilan almashtirish mumkin. Ho‘l qog‘ozni poyabzal ichida u to‘liq quriguncha qoldirish yoki muzlatgich ichiga qo‘yish kerak.
  5. Oyoq kiyimini kengaytirish uchun spirtli eritmalardan foydalanish mumkin. Aroq yoki atirni suv bilan teng miqdorda aralashtirish va bu eritma bilan poyabzal ichidagi muammoli joylarga yoki hamma joyiga surish kerak. Keyin esa bu oyoq kiyimini ho‘l paypoq bilan birga kiyish va xonalar bo‘ylab bir necha soat davomida yurish kerak.

Shuningdek tor oyoq kiyimi bilan kurashishda sizda har doim eng oxirgi va eng ish beradigan usul – yangi oyoq kiyimi sotib olish mumkinligini unutmang!

Manba: Daryo.uz