Bilasizmi?

Tozalash vositalari uzoq muddatda o‘pka faoliyatiga salbiy ta’sir etadi

Norvegiyaning Bergen universiteti olimlari 6000 kishida o‘tkazgan tadqiqot natijalariga asoslanib kimyoviy tozalash vositalari hididan erkaklarga nisbatan ayollar ko‘proq ziyon ko‘rmoqda, degan hulosaga keldi.

Olimlar kimyoviy tozalash vositalarining inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aksar hollarda uy tozalash uchun mikrotolali mato va toza suvning o‘zi yetarli, demoqda.

BiBiSi nashrida chop etilgan maqolada britaniyalik shifokorlar odamlarga xonalarni muntazam shamollatib turishni va uy tozalash uchun purkaladigan kimyoviy vositalar o‘rniga suyuq vositalardan foydalanishni maslahat bermoqda.

Amerikaning “Nafas organi kasalliklari va jonlantirish tibbiyoti” jurnalida chop etilgan maqolada tozalash vositalarining 20 yil davomida kattalar salomatligiga ta’sirini o‘rgangan mutaxassislar xulosalari bayon qilingan.

“Odam o‘pkasining qanchalar sog‘lom ekanini bilish, o‘pka qancha miqdorda havoni kuch bilan siqib chiqara olishi bilan o‘lchanadi. Yillar davomida tozalash ishlari bilan muntazam shug‘ullanib kelgan ayollarning o‘pkalari vaqt o‘tgan sari kamroq miqdorda havo siqib chiqara boshlaydi”, - deyiladi tadqiqot xulosasida.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, tozalash vositalari tarkibidagi kimyoviy moddalar o‘pkaning shilliq membranalarini qizartirib, uzoq muddatda o‘pka faoliyatiga salbiy ta’sir etadi.

Erkaklar orasida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, tozalash ishlari bilan shug‘ullangan va shug‘ullanmagan erkaklarning o‘pkasida katta farq kuzatilmagan.

Britaniyadagi O‘pka kasalliklari bo‘yicha markaz xodimi Sara Mak Fadyen fikricha, har qanday ifloslangan havodan nafas olish shubhasiz, salomatlikka, ayniqsa, o‘pka xastaliklariga chalingan odamlar sog‘ligiga ko‘proq salbiy ta’sir etadi.

“Ushbu tadqiqot, nafas olayotganimiz havoning ifloslanishi turli manbalar jumladan, xona ichida qo‘llaydiganimiz har xil bo‘yoqlardan, kimyoviy tozalash vositalaridan kelib chiqishini ko‘rsatdi. Agar xonani tez-tez shamollatib tursak, purkaladigan kimyoviy tozalash vositalari o‘rniga suyuq vositalardan foydalansak, gaz plita va isitish pechkalari soz ishlasa, kunda foydalaniladigan mahsulotlarning o‘pkaga salbiy ta’sirini kamaytirgan bo‘lamiz”, - deydi britaniyalik olim.

Manba: Darakchi.uz