Hayotdagi hamrohingizni uchratdingiz, baxtdan sarmastsiz, ammo aniq bir qarorga kelishdan avval quyidagi savollarga javob bering va turmush qurishga qanchalik tayyor ekaningizni bilib oling!
1. Aynan qaysi jihati uchun uni o‘zingizga yor etib sayladingiz?
a) Tashqi ko‘rinishi, o‘zini tutishi — 3;
b) Ishonch uyg‘ota olish xususiyati — 5;
s) Shunchaki, turmush qurish vaqti yetib qoldi, ochig‘i, undan yaxshirog‘ini topishimga ishonmayman — 4.
2. Munosabatlaringizni mustahkamlash uchun qanday usullardan foydalanasiz?
a) Uning xuzurida o‘zimni erkin, ko‘ngilchan tutaman — 4;
b) Ko‘ngliga g‘ul-g‘ula solib, shirin so‘zu ishvalar qilaman — 3;
s) Aqlu farosatim, samimiy qiziqishim orqali — 5.
3. U bilan uchrashishdan avval nimalarni his qilasiz?
a) Biroz hayajon «qachon ko‘risharkanmiz...» degan orzu paydo bo‘ladi — 5;
b) Meni kutadigan, faqat men haqimda o‘ylaydigan odam borligidan xursand bo‘laman — 4;
s) Har bir uchrashuvimiz rang-barang, turli qiziqarli voqealarga boy bo‘lishini istayman — 3.
4. Turmushga chiqishdan maqsadingiz?
a) O‘zaro muhabbat, oilaviy xotirjamlik va mustahkam tuyg‘ularni istayman — 5;
b) Moliyaviy holatimni tiklab olish, ota-onam qaramog‘idan qutulish uchun — 3;
s) Maqsadim, faqat bitta — yolg‘izlikdan xalos bo‘lish — 4.
5. Oilaviy majburiyatlarni bo‘yningizga olishga tayyormisiz?
a) Oilaviy tashvishlardan mutlaqo yiroq bo‘lishni istayman — 3;
b) Boshidanoq har kim o‘z vazifasini kelishib olishi darkor — 4;
s) Albatta, bu mening ayollik burchim — 5.
6. Kelgusida oshxona yumushlari bilan doimiy shug‘ullanishga nima deysiz?
a) Albatta, oshpazlikning sir-asrorlarini o‘rganishga tayyorman — 5;
b) O‘zimni uy bekasi sifatida tasavvur qilolmayman — 3;
s) Ba’zida shohona dasturxon tuzashim mumkin, lekin buning uchun tashqaridan yegulik keltirish ham mumkin — 4.
7. O‘zingizga nisbatan talabchanmisiz?
a) Haddan ortiq — 5;
b) Ba’zida — 4;
s) Yo‘q, onda-sonda o‘zimdan qoniqmasligim mumkin, biroq o‘zimni koyimayman — 3.
8. Agar u bilan janjallashib qolsangiz, birinchi bo‘lib bo‘yin egishga tayyormisiz?
a) Odatda janjallarimizda men aybdor bo‘lmayman — 3;
b) Ko‘pincha muammoni hal etishga urinaman — 4;
s) Muammoning kelib chiqish sabablarini aniqlab, bir to‘xtamga kelib olishga harakat qilaman — 5.
9. Sizningcha, oilani nimalar mustahkamlaydi?
a) Ikki inson bir-birini tushuna olishi —5;
b) Moliyaviy farovonlik — 3;
s) Muhabbat va ehtiros — 4;
10. Bo‘lajak juftingizdan yashiradigan sirlaringiz bormi?
a) Oshkoralikni yoqtiraman, zarracha ikkiyuzlamachilikni sezsam, o‘zimni tutolmayman — 5;
b) Hayot, bu — o‘yin. U qancha sirli bo‘lsa, shuncha qiziqarli — 3;
s) Albatta, insonlarda doim ham aytilmaydigan gaplar bo‘lishi mumkin — 4.
11. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz avval kimnidir sevganini eshitib qoldingiz, sizning harakatlaringiz...
a) Qizlar bilan gaplashishda tajribasi borligidan xursand bo‘laman — 3;
b) Menimcha, bu kechirib bo‘lmas holat — 4;
s) Men uchun bu u qadar muhim emas, nimaiki bo‘lgan bo‘lsa, allaqachon o‘tib ketgan — 5.
12. Rashkchimisiz?
a) Inson boshqalarga ishonishi va shubha uyg‘otmasligi lozim — 5;
b) Ba’zida shubhaga yetarli asos bo‘lganida rashk qilaman — 4;
s) Ha, bilaman, bu mening kamchiligim, ammo boshqacha bo‘lish qo‘limdan kelmaydi — 3.
13. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz boshqa qiz bilan maroqli suhbat qurayotganini ko‘rsangiz...
a) Hafsalam pir bo‘ladi, biroq buni sezdirmayman, ularning suhbatiga qo‘shilib, e’tiborni o‘zimga qaratishga urinaman — 5;
b) Muammoni «issig‘ida» hal qilishga odatlanganman, o‘sha joyning o‘zida vaziyatga oydinlik kiritib olaman — 4;
s) Men ham o‘zimga qarama-qarshi jins vakillari orasidan biror suhbatdosh topib olaman — 3.
Natijalar:
40 balldan past
Sizga bo‘lajak juftingizning ichki dunyosidan ko‘ra tashqi ko‘rinishi, badavlatligi va boshqa xususiyatlari muhimroq ko‘rinadi. Biroq oilaviy hayot baxtli yakunga ega ertak ham, «sizdan ugina, bizdan bugina» qiladigan bozor ham emas. Hech qanday moliyaviy barqarorlik chinakam tuyg‘ularning o‘rnini bosolmaydi. Vaqti kelib, bu haqdagi fikrlaringiz o‘zgaradi, ungacha shoshilmaganingiz ma’qul.
40 dan 45 ballgacha
Bir qarashda maqsadga yaqinlashib qolgandek bo‘lsangiz-da, endigina birinchi qadamlarni qo‘yayotganingizni yodingizda saqlang. Hayotning murakkabliklarini yengib o‘tishga kuch topa olsangizgina, farovon oilaning bekasiga aylanasiz. O‘zingiz va juftingiz uchun mas’uliyatni bo‘yningizga ololsangiz, demak, turmush qurishga tayyorsiz. Ammo bunda asqatishi mumkin bo‘lgan sabr va matonat kabi xislatlarni o‘zingizda mujassamlashtirishga ahamiyat bering.
45 baldan yuqori
Siz “ha” deydigan inson chindanda baxtli. Chunki har qanday tanlovni o‘ylab, taroziga tortib ko‘rish sizga xos xususiyat. Vazminligingiz, sezgirligingiz, dono qarorlar qabul qila olish qobiliyatingiz tufayli turmushning «musht»lariga kamroq duch kelasiz. Mustahkam va ishonchli qo‘rg‘on qurishga jiddiy kirishgansiz, sizga omad!
SAODAT tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz