Deyarli har bir kishining sovitgichida tuxum topiladi. Kimdir undan pishiriq tayyorlashda foydalansa, yana kim uchundir tuxum — sevimli nonushta. Ammo ko‘pchilik tuxumdan nonushta tayyorlash deganda, uni qovurish yoki qaynatishni ko‘z oldiga keltiradi. Maqolamizda esa tuxumdan pishiriladigan beshta noodatiy nonushtabop taomni keltirib o‘tamiz, buning ustiga, ular juda mazali!
Pashotga o‘xshatib qovurilgan tuxum
Zarur miqdordagi tuxumni chala qaynatib olamiz, sovutamiz va ehtiyotkorlik bilan tozalaymiz, toki sarig‘i oqib ketmasin. So‘ng talqon qilingan suxariga botirib olib, saryog‘ solingan tovada qovuramiz. Yoki alohida klyar tayyorlab, tuxumni unga botirib olish mumkin. Buning uchun smetanani ko‘pirtirib, unga talqon qilingan suxari qo‘shamiz.
Mikroto‘lqinli pechda pishirilgan tuxum
Bitta tuxumni sanchqi bilan yaxshilab aralashtiramiz, unga mayda to‘g‘ralgan kolbasa va ko‘kpiyoz solamiz. So‘ng aralashmani idishlarga quyib, mikroto‘lqinli pechda 1—2 daqiqa davomida pishiramiz. Ustiga qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq sepib, yana 0,5—1 daqiqa pishirishga qo‘yamiz. Bunda termokonteyner yoki oddiy krujkadan ham foydalanish mumkin.
Pomidor ustida pishirilgan tuxum
Ushbu retsept uchun ancha yirik pomidor talab etiladi. Bitta tuxum uchun bitta pomidor olinadi. Duxovkani oldindan 180 darajagacha qizdirib qo‘yamiz. Pomidorning bandi joylashgan qismini (butun pomidorning taxminan uchdan bir qismi) kesib olib, ichidan etini olib tashlaymiz va uni duxovka listiga yoki formaga joylaymiz. Hosil bo‘lgan kosachalarning tubiga biroz qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq sepib, so‘ng ehtiyotkorlik bilan tuxumni chaqib solamiz. 10 daqiqa pishirib, ustiga pishloq sepamiz va u erishi uchun yana bir-ikki daqiqa pishirishga qo‘yamiz. Tayyor tuxumni ko‘katlar bilan bezaymiz.
Tuxumli nafis sufle
Duxovkani oldindan 150 darajagacha qizdiramiz. To‘rtta tuxum sarig‘ini 0,5 stakan sut va 2 osh qoshiq un bilan yaxshilab aralashtiramiz. Uchta tuxum oqini esa alohida ko‘pirtiramiz (qattiq ko‘pik hosil bo‘lgunicha), so‘ng sariq aralashmaga ehtiyotkorlik bilan qo‘shamiz. Keks uchun formachalarni yog‘lab, xamirni ularga solamiz (2/3 qismini to‘ldiramiz). 5—7 daqiqaga pishirishga qo‘yamiz, so‘ng olovni biroz balandlatib, yana 8 daqiqacha pishiramiz. Xamirning yuzasi kuyib ketmasligiga e’tibor bering.
Tuxumli ruletchalar
Ichiga solinadigan qiymani oldindan tayyorlab qo‘yamiz — kolbasa, piyoz, shirin qalampir, zaytun mevasi, pomidorni o‘z xohishingizga qarab to‘g‘rang. Tovani qizdiramiz, yog‘lab olamiz, tuxumlarni ko‘pirtirib, tovaga solamiz. Bir tomoni pishgach, ehtiyotkorlik bilan ikkinchi tomonini ag‘daramiz va ustiga qiyma masalliqlarini sepamiz. Tayyor quymoqni rulet qilib o‘raymiz va kesib chiqamiz.