"Ayol oʻqishi kerakmi, ayol kishiga qaysi kasb toʻgʻri kelmaydi? Ayol kishi namunali uy bekasi boʻlishi kifoya. Ayol uyda oʻtirishi kerak. Qiz bola vaqtida turmushga chiqmasa boʻlmaydi. Qiz bola birovning xasmi. Qiz bola har doim bir pogʻona pastda turishi kerak". Bugun jamiyatimizda kimdir mana shu eski stereotiplar qurshovida yashamoqda. Qizini 17 yoshdan turmushga berganlar, qiz bola oʻqishi shart emas deb oʻylaydiganlar, ayol kishi uyda oʻtirishi shart deb hisoblaydiganlar bugungi intervyumizdan, balki, oʻzlariga kerakli xulosa chiqarishar. Qiz bola oʻzi istagan hayot yoʻlini tanlashga haqli, xuddi oʻgʻil bola singari. Bugungi qahramonimiz ham oʻz yoʻlini belgilab olgan va bu yoʻlda dadil qadamlar bilan odimlab borayotgan oʻzbek yoshlaridan.
Dilnora 21 yoshda. 15 yoshligidayoq nufuzli oliygohlardan birining talabasiga aylangan bu qiz bugunga kelib magistratura uchun qiymati salkam 45 ming dollarni tashkil qiluvchi grant yutib oldi. Keling, qolganini Dilnoraning oʻzidan eshitamiz.
Dilnora: Men, Mirpulatova Dilnora, 1998-yilda tugʻilganman. 15 yoshimda Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining talabasiga aylandim. Oʻqishimni “Biznesda axborot texnologiyalari” yoʻnalishida 20 yoshimda, yaʼni 2019-yili tamomladim. 2017-yilda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasida, 2018-2019-yillarda Amerikaning Toshkentdagi elchixonasida malaka oshirdim. Keyin birmuncha vaqt Respublika biznes va boshqaruv Oliy maktabida faoliyat olib bordim. Oradan biroz vaqt oʻtib meni men keyinchalik direktor assistenti lavozimidan ishlagan xususiy kompaniyaga taklif qilishdi. 21 yoshimda London Biznes Maktabiga magistratura uchun hujjatlarimni topshirdim va oʻqish xarajatlari 100% qoplanadigan 33,600 funt miqdoridagi grant yutib oldim.
Ayol.uz: Ayting-chi, hozir oʻqiyotgan yoʻnalishingizni oʻzingiz tanlaganmisiz, yoki bu ota-onangizning ixtiyori bilan boʻlganmi?
Dilnora: Bolaligimdan kelajakda katta-katta biznes korporatsiyalar yoki nufuzli xalqaro tashkilotlarda ishlashni orzu qilganman. Vestminsterga oʻqishga qabul qilingach davr talabi ekanligini hisobga olib va ota-onamning yoʻl-yoʻriqlariga koʻra Axborot tizimlari yoʻnalishida ketdim. Biroq oradan vaqt oʻtib, bu yoʻnalish men uchun emasligini tushunib yetdim va biznes sferasiga oid bilimlarni oʻzlashtirishga kirishdim va magistraturaga ham oʻzimga yoqqan soha boyicha hujjat topshirdim. Hozir esa ishonch bilan shuni ayta olamanki, bu soha – menejment – mening tanlovim va mening soham.
Ayol.uz: Ota-onangiz chet davlatda oʻqishingizga qarshilik bildirishmadimi, umuman, bugungi kungacha erishganlaringizda ota-onangizning roli qanday?
Dilnora: Bakalavr bosqichida oʻqib yurgan kezlarimda menda oʻqishni xorijda davom ettirish istagi paydo boʻldi. Ammo bilar edimki, xorijda men istagan yoʻnalish va oliygohda tahsil olish anchagina qimmat turadi. Bundan tashqari, ota-onam meni uzoqda yolgʻiz qolishimga ham xayrixohlik bildirmadilar. Lekin oradan vaqt oʻtib ular menda hayotda nimagadir erishish xohishi kuchliligini va oʻz oldimga qanchalik ulkan vazifalarni qoʻyayotganimni koʻra oldilar. Shu sababdan, menda xorijda oʻqish xohishi paydo boʻlganda, ularning har ikkisi ham meni qoʻllab quvvatladi. Men ota-onam va ularning ruhiy madadlarisiz bu yoʻlda allaqachon qoqilgan boʻlar edim, deb ayta olaman. Men ulardan mehr, tushunish, ishonch va beminnat madad uchun minnatdorman. Ota-onam doim meni qoʻllab quvvatlab hamda erishganlarimdan faxrlanib kelishgan.
Ayol.uz: Koʻpchilik yoshlarga qiziq boʻlgan savol – IELTS koʻrsatkichingiz qanday?
Dilnora: Oxirgi natijam 8 ball. Shu paytgacha ikki marotaba IELTS imtihonlarini topshirganman. Birinchi natijam 7,5 ball boʻlgan.
Ayol.uz: Oʻsmirlik davrida koʻpincha qizlar sevgi-muhabbat, oʻyin-kulgi kabilarga chalgʻib ketishadi va baʼzan yoʻlini yoʻqotib ham qoʻyadi. Siz bekorchi oʻylarga vaqt sarflashdan oʻzingizni qanday saqlagansiz?
Dilnora: Baxtimga, ota-onam bolaligimdanoq qalbimda oʻqishga boʻlgan muhabbatni shakllantirgan. Maktabda ham aʼlochi edim, uni qizil diplom bilan tamomladim. Mening eng sevimli mashgʻulotim hatto hozirgi kunda ham kitob oʻqish. Ota-onamdan koʻp kitob oʻqiganim uchun gap eshitib ham olgan paytlarim boʻladi. Baʼzan onam meni kechasi soat 2-3da qoʻlimda kitob bilan “topib oladi”. Aytganimdek, men yoshligimdan xorijda oʻqishni orzu qilardim va bunga osonlikcha erishib boʻlmasligini ham sezardim. Menga “oʻqi” degan tanbehlarning keragi yoʻq edi, men buni oʻzim qilardim. Mening doʻstlarim bilan oʻyin-kulgi qilishim taʼqiqlanmagan edi, ammo mening oʻzimda bunga na vaqt va na kuch boʻlardi. Maktab davrida darsdan soʻng litseyga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrganman. Litseyda tongdan mashgʻulotlarga borar, undan keyin universitetning 1-kursida oʻqir edim. Shu sababdan ham agar menda boʻsh vaqt topilgudek boʻlsa, odatda uni uxlash bilan oʻtkazardim. Keyinchalik toʻyib uxlab olish uchun shanbalarni kutadigan boʻldim. Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, mening grafigim topshiriqlar-u mashgʻulotlar bilan toʻla edi.
Ayol.uz: Qiz bola oʻqishi shart emas degan qarashlarga munosabatingiz? qiz bola nima uchun oʻqishi kerak?
Dilnora: Jamiyatimizda ayol kishining asosiy vazifasi yaxshi uy bekasi boʻlish degan qarash bor. Ammo, masalan, ayol kishiga, oddiygina qilib aytganda, boʻlgʻusi ona sifatida qaralsa ham, aynan u bolalarni katta qilishi va ularga munosib bilim va tarbiya berishi kerak. Ayol kishi koʻp narsaga, jumladan, jamiyat rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga qodir, aslida. Men ayol kishi oʻqishi shart emas degan qarash notoʻgʻri deb hisoblayman. Qiz bola ham oʻgʻil bolalar singasi munosib taʼlim olishga haqli.
Ayol.uz: Kelgusidagi rejalaringiz haqida aytib bering.
Dilnora: Bugungi kunda men uchun eng muhimi – oʻqishni yaxshi tugatib olish. Undan keyin esa jamiyat rivojiga hissa qoʻsha oladigan biror tashkilotda ishlash niyatim bor.
Ayol.uz: Shu kabi grantlar yutish istagida boʻlgan xotin-qizlarga qanday maslahatlar berasiz?
Dilnora: Eng asosiysi, men qizlarga oxirgi fursatgacha oʻziga boʻlgan ishonchni yoʻqotmaslikni maslahat beraman. Qachonlardir menda men hech qachon stipendiat boʻla olmayman, yoki hattoki oʻqishga kira olmayman degan qoʻrquvlar boʻlgan. Men taslim boʻlishimga yoʻl qoʻymaganlari uchun ota-onam, oila aʼzolarim va doʻstlarimdan minnatdorman.
Ayol.uz: Siz kutgan qaysi savolni bermadim va xotin-qizlarga shaxsiy hayotda, oʻqish borasida aytishni juda ham istagan fikrlaringiz bormi?
Dilnora: Oʻqish – juda muhim. Men doim odamlarga turli kitoblarni oʻqishni maslahat berib kelganman, u xoh erkin adabiyot boʻlsin, xoh biror fanga oid kitob. Qizlarga esa hech qachon qoʻlini pastga tushirmaslikni va sen buni eplay olmaysan deguvchilarga quloq solmaslikni aytgan boʻlardim. Urinib koʻring va olgʻa boring. Asosiysi, hech qachon taslim boʻlmang va oʻz-oʻzingizni rivojlantirishda davom eting. Va yana bir muhim maslahat – oʻzingizni va sogʻligingizni asrang. Katta marralarni koʻzlab, oʻzingiz haqingizda qaygʻurishni unutib qoʻymang.
Dilbar Ismatullayeva suhbatlashdi.