Yoz yaqinlashmoqda, demakki, ochiq poyabzallar kiyish payti ham keldi. Biroq qish bo‘yi oyoqlarimiz terisi dag‘allashib qolgani uchun ular alohida e’tibor talab qilinadi. Bugungi maqolada ushbu muammoni hal qilishda yordam berish maqsadida uy sharoitida pedikyur qilish sirlari bilan bo‘lishamiz.
Pedikyur ko‘ngildagidek kechishi uchun oyoq terisini dastlab yaxshilab yumshatish zarur. Bunda oyoq uchun vannacha qabul qilish asqotadi. Unga olivka yog‘i, tuz va boshqa iforli qo‘shimchalar qo‘shishingiz mumkin. Bundan tashqari, oyoqlaringizdagi charchoqni chiqarishda limon sharbati solingan vannacha yordam beradi.
Oyoqlar suvda vaqti egovcha (pilka) yordamida terining dag‘allashgan qismlariga ishlov berishni boshlashingiz mumkin.
Shundan so‘ng oyoqlarni vannadan chiqarib, quriting va tirnoqlardagi eski bo‘yoqni o‘chirib chiqing. Tirnoqlarga shakl berishda, ularni aylana holatga keltirish tavsiya etilmaydi, aks holda tirnoq etga qarab o‘sib ketishi mumkin.
Endi kutikulalarni kesib chiqing. Bunda teriga shikast yetkazmaslik uchun alohida ehtiyotkorlik talab qilinadi. Kutikulalarni maxsus omburcha yoki manikyur qaychichasi yordamida kesish lozim.
Oxirida oyoqlaringizga krem surib qo‘yishingiz mumkin.
Oyoq shishishidan xalos bo‘lish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qiling:
- Suvga quritilgan rozmarin, 5 tomchidan kedra va yalpiz yog‘idan tomizing. Unga oyoqlaringizni 10—15 daqiqaga solib o‘tiring.
- Oyoqlaringiz qurigach, ularga jigarrang shakar va olivka yog‘i aralashmasidan tayyorlangan skrab suring.
- Tovonlaringizga teng miqdorda iste’mol sodasi, tuyilgan qahva va quritilgan yalpiz qo‘shib tayyorlangan skrabni surib, ishqalang. So‘ng uni iliq suvda yuvib tashlang.
- 1 ta tuxum sarig‘i, 1 osh qoshiq asal va 10 tomchi yalpiz yog‘ini aralashtirib, oyoqlaringizga niqob sifatida surib qo‘ying. 10 daqiqadan so‘ng yuvib tashlang.
- Oxirida oyoqlaringizga kokos yoki olivka yog‘ini suring.