Dunyoning ishlari hech bitmaydi. Xuddi zanjirga o‘xshab, bir-biriga ulanib ketaveradi.
- Erta-indin maosh olsam, albatta, onamni ko‘rgani borib kelaman-deb o‘zimga o‘zim va’da berdim-u, maosh olgandan keyin o‘z tashvishlarimga ko‘milib qoldim.
Bolalarimning biriga ko‘ylak, biriga oyoq kiyim olish kerak. Bolalarimga kerakli narsalar ro‘yxati bitmaydi-yu, maoshim tugab bo‘ladi. “Ha, mayli, shular uchun yashayapmiz, omon bo‘lishsin”, deb o‘zimga o‘zim taskin berarkanman, “Onamdan xabar olishim kerak”, degan o‘y ichimda xira chiroqdek miltillab qolaveradi.
“Ha, mayli, dam olish kuni hamma ishni bir chekkaga surib bo‘lsa ham onamni ko‘rgani boraman”, deb ahd qildim. Yakshanba hammaga dam olish kuni bo‘lsa, ayollar uchun ish kunidan ham ko‘proq ish bo‘ladi. Men ham manaman deb ko‘rinib turgan uy yumushlarini tezroq bajarsam, tezroq onamni ko‘rgani borsam, deb kuymalanib yuribman. Uyning odamni zada qilib yuboradigan yumushlarini tez-tez bajararkanman, ishqilib, xo‘jayinim onamnikiga borishimga yo‘q deb qolmasinda, deb jonim halak. “Kir yuvildi, ovqat qilindi, hamma yoq orasta, endi ketsam bo‘ladi”, deb xursand bo‘lsam, qo‘shnim chiqib qoldi.
- Shoshilinch ishim chiqib qoldi, iltimos kichkinamga bir soat qarab turing- dedi u.
“Yo‘q” deya olmadim. U esa bir emas, naqd ikki soatda keldi. Endi ketaman deganimda soat to‘rtga yaqinlashgandi.
- Soat yettida choyxonam bor, tez borib, tez kelarsan,- erimning ogohlantirishidan yig‘lab yuboray desamda sir boy bermadim. Kech qolib meni yo‘ldan qo‘ymagin yana – erim yana ogohlantirdi.
“Uff, uyga boradigan kunim hamma narsa yig‘iladi o‘zi” deb javrarkanman, mening holimni bilgandek qo‘l telefonim jiringladi.
- Qizim, kech qoldingku, tinchlikmi?- onamning ovozidan xavotir olayotgani sezilib turardi.
- Yo‘ldaman, oyi, yo‘ldaman, hozir yetib boraman.
- Qizim, taksida kelaqol, eshikda kutib turaman.
- Onam meni tushungandek gapirarkan, o‘z-o‘zidan xo‘rligim keladi. Erim”borib kelishingga”, deb sanab pul bergan. Ahmoq bo‘lmasam, maoshning hammasini bolalarga ishlatmay, mana shunaqa holatlar uchun olib qo‘ymasmidim. Endi taksiga o‘tirmasam, yetib kelolmasligim aniq. “Qaytishga akamdan pul so‘rarman”, degan o‘yda yo‘lovchi taksiga o‘tirdim. Shoshilganimdan onam uchun ikkita non ham olmabman. Bundan battar xijolat bo‘ldim, siqilganimdan qizarib ketdim. Uyga kelganimda oyim eshik oldida kutib turardi. Mashinadan tusharkanman, oyim shoshilib haydovchiga pul uzatdi.
- Bolam, shu yetadimi?
Haydovchining bosh irg‘aganini ko‘rgan onam pulni berib, meni uyga boshladi. “Oyi, qo‘yavering”, degan gapim og‘zimda qoldi. Oyim menda pul kamligini qayerdan bildi, hali hanuz tushunolmayman. O‘sha kuni shoshildim. Onam kelinoyimdan tezroq harakat qiladi, dasturxonga noz ne’matlarni olib kelarkan, “olib o‘tir qizim, ozib qolibsan, ol, ol” deyishni to‘xtatmasdi.
Shoshildim, tez-tez ovqat yedim, oradan bir soat o‘tar-o‘tmas erim qo‘l telefonimga qo‘ng‘iroq qila boshladi.
- Qizim, bir zumda ketib qolasanmi?- dedi oyim yosh boladek mo‘ltirab.
- Oyi, kuyovingizning choyxonasi bor ekan, shunga ketishim kerak.
- Doim shoshilasan-a, qachon bunday bemalol kelasan?
- Kelarman, oyi, siz ham siqilavermang, o‘zi shundoq ham charchadim.
- Uyga otlanarkanman, oyim bir xalta qilib mayda-chuyda solib berdi. Uyga kuzatib qo‘yarkan, qo‘limga yana pul tutqazdi.
- Bugun o‘sha kunni sog‘inib eslayman. Endi kun bo‘yi vaqtim bo‘lsa ham ogta uyimga borgim kelmaydi. Chunki meni sog‘inib kutadigan, yo‘limga intizor odamning o‘zi yo‘q. Onasi borlar, boy ekansiz, onangiz huzuriga shoshiling, ulguring. Ertaga armonda qolmang.
Zuhra RO‘ZIYeVA