Bilasizmi?

Virusli gepatit insoniyat uchun asosiy xavf deb tan olindi

Londonning Imperiya kolleji va Vashington shtati universiteti tadqiqotchilari virusli gepatit butun Yer shari bo‘yicha o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biriga aylanganini aniqladi. Kasallik sil, bezgak va OIV bilan bitta qatordan o‘rin oldi.

Olimlar 1990—2013 yillarda to‘plangan, 183 ta mamlakatga tegishli ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi. Aniqlanishicha, o‘lim holatlarining 96 foiziga sirroz va jigar saratonini keltirib chiqaruvchi B va C gepatitlari sababchi bo‘lgan. Ularning belgilari charchoq, sariq kasalligi va ko‘ngil aynishidan iborat, ammo ko‘pchilik odamlarda infeksiya hech qanday belgisiz kechadi, biroq jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi.

Virusli gepatitlar natijasidagi o‘lim miqdori 23 yillik davrda 63 foizga ko‘paygan. Har yili kasallikdan 1,45 million kishi vafot etadi, sil va bezgak tufayli olamdan o‘tganlar soni esa 1990 yildan buyon kamaygan. Taqqoslash uchun, 2013 yilda OITSdan 1,3 million kishi, sil kasalligidan 1,4 million va bezgakdan 855 ming kishi vafot etgan.