Salomatlik

Xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot

Pekindagi “Guanangmen” shifoxonasining yetakchi mutaxassislaridan biri Suy Yun-Syan qadimiy Xitoy tabiblaridan qolgan manbalarga asoslanib o‘tkazgan tadqiqotlarining natijalarini e’lon qildi. Shu tariqa, Suy Yun-Syan xalq tabobatida qo‘llaniladigan usullarning zamonaviy tibbiy bilimlarga qanchalik yaqin ekanligini ham bir yo‘la sinovdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘la oldi. Xitoy xalq tabobatida qadimiy bir hikmat bor, unda shunday deyiladi: “Tananing yuqori qismida aziyat yetkazayotgan xastaliklar pastki qismdagi a’zolar tufayli davolanadi…” Bu nima degani? Aytaylik, sizning qon bosimingiz birdan ko‘tarila boshladi. Nima qilmoq kerak? Xitoy tabobati an’analariga ko‘ra, odamning oyoq kafti o‘rtasida qon bosimini tushiradigan nuqta mavjud. Xitoy tabiblari bu usulni shunday izohlaydilar: “Ovqatning tagi olib ketmasligi uchun avvalo qozon tagidagi cho‘g‘ni olib tashlash lozim”. Ha, haqiqatdan ham, bugungi xitoylik zamonaviy shifokorlar boshi og‘riydigan odamlarga kuniga ikki marotaba — ertalab uyqudan uyg‘onganda va kechasi uyquga yotishdan oldin to‘shakda o‘tirgan holda qo‘lning bosh barmog‘i ila chap va o‘ng oyoqlardagi nuqtalarni uqalash, qashishni tavsiya etadilar. Oyoqlar tagini galma-galdan yuz marotaba uqalang — shunda bu tavsiyalarning naqadar o‘rinli ekanini darhol his etasiz. Shunday qilib, zamonaviy tibbiyot xodimlari qadimgi usullarni qo‘llash bugun ham ijobiy natija berishini ilmiy asosda yana bir bor isbotladilar.

Manba: Avitsenna.Uz