Bilasizmi, tibbiy dori-darmonlarsiz ham grippdan himoyalanish mumkin. Buning uchun uyingizdagi “xavfli hudud”larni tozalashni kanda qilmang.
Dezinfeksiya vositalari bu borada qo‘l keladi. Ammo xlordan foydalanishni tavsiya etmaymiz. Yaxshisi, do‘konlarda sotiladigan mikrotolali sochiqlardan foydalaning. Chunki ular chayilganda chang va mikroblarni o‘zida saqlab qolmaydi.
* Tez-tez foydalaniladigan buyumlar: telefon, eshik tutqichlari va televizor pultini, ayniqsa, ko‘proq artib turish kerak. Chunki ularda millionlab mikrob zarralari yig‘ilib qoladi.
* Kun davomida xonani shamollatib turish lozim. Mutaxassislarning fikricha, gripp virusi shamollashdan ham ko‘ra, ko‘proq uyda yig‘ilib qolgan havo-tomchi zarralari orqali yuqadi.
* Shuningdek, xonani ultrabinafsha nur tarqatuvchi lampalar yordamida infeksiyalardan tozalash mumkin. Faqat bu mahal xonada hech kim bo‘lmasligi va amaliyotdan so‘ng bir necha daqiqaga derazani ochib qo‘yish talab etiladi.
* Agar uyda yosh bola bo‘lsa, o‘yinchoqlar tozaligiga ham ahamiyat bering. Yelim o‘yinchoqlarni sovunli eritmada tozalash mumkin, yumshoq o‘yinchoqlarni esa sellofan xaltalarga solib, bir kecha muzlatgichda saqlasangiz yoki izg‘irin kunlari tashqariga chiqarib, shamollatsangiz, sovuq harorat ta’sirida virus va bakteriyalar yo‘q bo‘ladi.
* Idish yuviladigan lattani har yetti-o‘n kunda bir o‘zgartirib turish kerak. Vaqti-vaqti bilan uni sterillash ham foydadan holi bo‘lmaydi. Buning uchun lattani sodali suvda yarim soat qaynatasiz.
* Sovuq kunlar boshlanishi bilan, tabiiyki, qo‘shimcha isitish vositalariga ehtiyoj sezamiz. Natijada xona isish bilan birga uning havosi ham quruqlashadi. Shuni inobatga olib, zamonaviy ishlab chiqaruvchilar havo namligini ta’minlovchi va turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchi ion tarqatadigan moslamalarni taklif etishayapti. Ionlashtiruvchi vositalar yordamida ham grippning oldini olish mumkin.
* Uyingizda namlik bir me’yorda saqlanib, yoqimli ifor taralib turishini istasangiz, dokani sovuq suvda namlab, ichiga paxta soling va 3-4 tomchi apelsin yoki yalpiz moyidan tomizib isitgich, ustiga qo‘ying.
Manba: Darakchi.uz