Qizlaringiz bilan birga bezating!
Zarur masalliqlar: xamiriga: 4-5 stakan un, 150 ml. smetana, 135 gr. sariyog‘, 50 ml. sut, tuz, sirkada so‘ndirilgan yarim choy qoshiq iste’mol sodasi, tuxum sarig‘i; ichiga solishga: 500 gr. tovuq go‘shti, 2-3 dona kartoshka, 1 bosh piyoz, bitta sabzi, o‘simlik yog‘i, tuz.
Tayyorlanishi: 1. Sariyog‘ni to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab, un va iste’mol sodasini soling. Qo‘lingiz bilan yaxshilab aralashtiring.
2. Endi smetanini qo‘shib, bir aralashtirgach, sutni solasiz. Tuz sepishni unutmang. Masalliqlarni yaxshilab aralashtirib, xamir qoring. Keyin sellofanga o‘rab, muzlatkichga qo‘ying.
3. Piyozni to‘g‘rab, sabzini mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazing. Ikkalasini ham qizdirilgan o‘simlik yog‘ida qovurib oling.
4. Qaynatilgan tovuq go‘shti va kartoshkani to‘rtburchak shaklda maydalab to‘g‘rang. Sabzi va piyozni qo‘shib, aralashtiring. Tuz namagini sozlang.
5. Xamirni ikkita teng va bitta kichik zuvalaga ajrating. Birinchi bo‘lak xamirni to‘g‘rito‘rtburchak shaklda yoyib, pishiriq qog‘ozi ustiga qo‘ying. Keyin qiymani soling.
6. Ikkinchi bo‘lak xamirni ham yoyib, pirog ustini yopamiz. Atroflarini yaxshilab tugib chiqing.
7. Qolgan xamirni yupqalab yoyib, tovuq shaklini yasash uchun turli shakllar kesib olamiz va pirog ustiga yopishtirib chiqamiz. Yuziga tuxum sarig‘ini suv bilan aralashtirib surting. 220 darajada qizdirilgan gaz pechida 45 daqiqada pishadi. Pirog yuzi kuyib ketmasligi uchun 20 daqiqadan so‘ng zar qog‘oz yopib qo‘ying.
2 soat
8 kishilik
Manba: Darakchi.uz