Bu safar maqolamizga o‘zbek oshxonasi uchun yangiroq bo‘lgan ba’zi yaxna ichimliklarni kiritdik.
Bananli sutli kokteyl
Ushbu ichimlikni tayyorlash uchun 1 ta banan, 100 g rezavor meva (qulupnay, maymunjon yoki qorag‘at), 200—300 ml yog‘li sut, 1 choy qoshiq asal (ta’bga ko‘ra) zarur bo‘ladi.
Blender stakaniga banan bo‘laklari, yangi uzilgan yoki muzlatilgan rezavor mevalarni solib, maydalaymiz. Ta’bga qarab sut solamiz va blenderda 2—3 soniya davomida aralashtiramiz. So‘ng asal qo‘shamiz.
Yaxna choy
Bunday choy uchun 1 litr suv, 5 choy qoshiq ko‘k choy, 1 ta limon, 3—4 ta yalpiz shoxchasi, ta’bga ko‘ra shakar, muz bo‘laklari talab etiladi.
Ko‘k choy damlab, unga ta’bga ko‘ra shakar solamiz. Soviganidan so‘ng unga bitta limonning suvini siqib solamiz, yangi uzilgan yalpizni mayda to‘g‘rab qo‘shib yuboramiz. Yaxshilab aralashtirgach, ichiga muz bo‘laklari solingan holda dasturxonga tortamiz.
Klassik limonad
Bunday limonadni tayyorlash uchun 2 dona limon, 150 ml shakar qiyomi, 250 ml gazli suv, 300 g muz bo‘laklari, 2—3 shoxcha yalpiz kerak bo‘ladi.
Idishga yalpizni qo‘lda biroz ezg‘ilab solamiz. Unga 1,5 ta limonning suvini siqib qo‘shamiz, limon po‘stini va qolgan yarimta limonni ham solib yuboramiz. Idishning 2/3 qismini muz bo‘laklari bilan to‘ldiramiz, ustiga shakar qiyomi quyib, gazli suv solamiz. Barchasini yaxshilab aralashtiramiz.