Salomatlik

Yoz keldi, diareyadan ehtiyot bo‘ling!

Mana, hademay yozning ikkinchi haftasi ham nihoyalaydi. Bu qaynoq faslda bolakaylar orasida ko‘p uchraydigan ich ketishi «mavsumi»ning esa hali keti ko‘rinmaydi.

Sahifamiz eksperti — oliy toifali shifokor-pediatr Muhabbat NASIVALIYeVA.

O‘zi o‘tib ketadi demang!

Odatda ich ketishi (ilmiy tilda aytganda diareya) go‘yoki o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigandek qarashadi. Bunga shu sababki, ba’zida kasallik alomatlari tez o‘tib ketadi va ota-onalar mutaxassilarga murojaat qilib o‘tirishmaydi. Lekin ba’zida kasallik shunchaki vaqtinchalik «bekinadi» va qulay fursatni poylaydi. Gohida esa kasallik shunchalik kuchli namoyon bo‘ladiki, zudlik bilan davo choralarini ko‘rmasa bo‘lmaydi. Bola organizmi juda tez suvsizlanib qoladi, ko‘p miqdorda suyuqlik yo‘qotish oqibatida modda almashinuv jarayoni va boshqa a’zolar faoliyati ham buziladi. Birinchi galda asab tizimi va oshqozon-ichak trakti ishi zarar ko‘radi. Diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. Dunyo statistikasiga ko‘ra, diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million bola vafot etadi. Bu kasallik go‘dak yangi tug‘ilgan davrda va 3 yoshgacha bo‘lgan paytda ayniqsa xavfli.

Kim aybdor?

Viruslar. Ular yozda ham, qishda ham bolalardagi ich ketishining eng keng tarqalgan qo‘zg‘atuvchilari. Ulardan eng «mashhur»lari — adenoviruslar va rotavirus.

Parazitlar. Ular bola organizmiga «tashrif buyurishga hamisha hoziru nozir. Masalan, lyambliya ham bolaning ichi ketishiga sabab bo‘lishi aniqlangan.

Dorilarning nojo‘ya ta’siri. Antibiotiklar, antatsid vositalar, surgi dorilar va ko‘p sonli biologik faol qo‘shimchalar qabul qilganda ham diareya yuzaga kelishi mumkin.

Ferment yetishmasligi. Bu qorin g‘uldirashi, shishishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi bilan xarakterlanadi. Qand moddasi yetishmovchiligida tarkibida shakar bo‘lgan mahsulotlar (jumladan, shirin ichimliklar, sharbatlar) iste’molidan keyin ham shunday hol kuzatiladi. Sink yetishmaganda bola ozib ketadi, sochlari to‘kiladi, suyuq va yog‘li ich ketishi kuzatiladi.

Oshqozon-ichak traktining surunkali xastaliklari. Bolalardagi ich ketishi ayniqsa, uzoq vaqt saqlanib turadigani yarali kolit, Kron kasalligi, jigarning surunkali shikastlanishlarining ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Yakuniy tashxisni esa albatta tekshiruvlardan so‘ng qo‘yish mumkin.

Qachon shifokorga murojaat qilish zarur?

Barcha davo choralari bolaning ahvoli, kasallik darajasiga qarab belgilanadi. Diareyada qo‘llaniladigan dorilarning aksariyati shifokor retseptisiz sotiladi. Lekin ota-onalar kimningdir tavsiyasiga binoan duch kelgan «qorin og‘rig‘iga qarshi» dorini bolaga beravermasliklari kerak. Kattalarning dorilarini bolaga bermang, hatto u o‘zingizga qachondir yordam bergan bo‘lsa ham. Quyidagi hollarda albatta shifokorga murojaat qiling:

  • 1 yoshgacha bo‘lgan bolaning ichi ketsa;
  • tana harorati 38,3 darajadan yuqori bo‘lsa;
  • qorni kuchli og‘risa;
  • ich ketishi 3 kundan beri davom etayotgan bo‘lsa;
  • bolaning ahvoli yaxshilanavermasa;
  • axlatda qon kuzatilsa;

diareyaga dori sabab, degan gumoningiz bo‘lsa…

Asoratlari

  • Ba’zi bolakaylarda kasallikdan so‘ng uzoq vaqt ichaklarning funksional o‘zgarishlari saqlanib qoladi. Bu goh ich ketishi, goh ich qotishi, meteorizm va boshqa yoqimsiz holatlar bilan namoyon bo‘ladi.
  • Rotavirusli infeksiyalarda so‘ng bolalarda hayotining birinchi yilida laktoza yetishmovchiligi kuzatilishi mumkin.
  • Ko‘p hollarda antibiotiklar bilan davolangan infeksion xarakterdagi diareyadan so‘ng bolachalarda ichak disbakteriozi rivojlanadi.

Oldini olish uchun nima qilish kerak?

Agar farzandingiz emizikli yoshda bo‘lsa, emizishda davom eting! Ona suti go‘dak uchun infeksiyalardan himoyalab, diareyaning oldini olishda ajoyib vosita. Agar bola emmasa, unga sun’iy ozuqa bersangiz, bifidobakteriyalari borini tanlang. Sut mahsulotlari, meva-sabzavotlar iste’molida e’tiborli bo‘ling. Agar farzandingizning terisi quruqlashganini sezsangiz, u bosh og‘rig‘i, aylanishidan shikoyat qilsa, og‘zi quruqlashsa, kuchli chanqasa, bu organizmining suvsizlashgani alomatlari. Yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini to‘ldirishga harakat qiling, ya’ni imkon qadar ko‘proq suyuqlik ichirish lozim. Og‘ir bo‘lmagan hollarda gazsiz suv berish mumkin.

Uy sharoitida tez yordam

Asosiy retsept: 1 l suvga 1 osh qoshiq shakar, 1 choy qoshiq Osh tuzi va yarim choy qoshiq ichimlik sodasi soling. Bolaga bu aralashmadan har 5 daqiqada bir-ikki xo‘plamdan ichirib turing. Birdaniga ko‘p ichirmang, qayt qilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Manba: Darakchi.uz