Usti qars-qurs qiladigan, ichi esa yumshoqqina shirin kulchani nonushtaga yeyishga nima yetsin? U noodatiy shaklda — yurak ko‘rinishida bo‘lsa, yanada soz!
Zarur masalliqlar:
achitqili xamir uchun:
- 1 stakan sut
- 300—400 g un
- 25 g achitqi
- 3 ta tuxum
- 1 stakan shakar
- 50 g margarin
- 0,5 choy qoshiq tuz
xamirning ichiga surish uchun:
- shakar
- margarin
Xamirning ustiga surish uchun:
tuxum
Tayyorlanishi:
Avval achitqini tayyorlab olamiz, buning uchun 1 stakan iliq sutga 25 g quruq achitqi (drojji)ni solib, eritamiz, 1 osh qoshiq shakar va bir piyolacha un solamiz.
Idishning og‘zini sochiq bilan yopib, iliq joyga 1—1,5 soatga qo‘yib qo‘yamiz. U maksimal darajada ko‘tarilishi kerak.
Endi xamirning qolgan qismini tayyorlaymiz. Buning uchun alohida idishda 3 ta tuxum, 1 stakan shakar va 0,5 choy qoshiq tuzni aralashtiramiz. 50 g margarinni esa eritib, sovishi uchun chetga olib qo‘yamiz.
Achitqini tuxum va shakarli aralashmaga qo‘shamiz, ustidan un solamiz. Yaxshilab aralashtirgach, sovigan margarinni ham qo‘shamiz. Xamirni stol ustiga olib, qo‘lga yopishmaydigan xamir paydo bo‘lgunicha oz-ozdan un qo‘shib qorishtiraveramiz.
So‘ng uni idishga qaytarib solib, sochiq bilan o‘raymiz va iliq joyda 1,5—2 soatga qoldiramiz.
Xamir oshgach, undan og‘irligi taxmina 80 grammlik bo‘lakchalar kesib olamiz. Ularni besh daqiqa dam oldiramiz.
Har bir bo‘lakchani 15 sm diametrda yoyamiz hamda ustiga erigan margarin surib, 1 choy qoshiqdan shakar sepamiz.
Xamirni shakarli tomonini ichkarida qoldirib, rulet qilib o‘raymiz.
So‘ng uni ikkiga buklab, pichoq yordamida qayrilgan joyiga chuqur kesma tushiramiz. Ruletning ikkiga bo‘lingan qismini ikki tomonga ochamiz, shunda yurakcha shakli paydo bo‘ladi.
Kulchalarni yog‘langan listga terib qo‘yamiz. Ustiga tuxum suramiz. Bunda kulchalarning shakarli qatlamiga tegmasdan, tekis qismiga tuxum surish lozim.
Shirin kulchalarni 180 darajagacha qizdirilgan duxovkada 15—20 daqiqa davomida pishiramiz.
Pishiriq tayyor. Yoqimli ishtaha!
Manba: Daryo.uz