Asalning tarkibi
Asal — o‘simliklar gulidagi shira (nektar)ni organizmida qayta ishlash yo‘li bilan hosil qiladigan shirin suyuqlik. Asal o‘z tarkibiga ko‘ra nektardan farq qiladi. Asalda 80 foizdan ko‘proq uglevodlar (glyukoza, fruktoza), 0,4 foiz kul, 13-20 foiz suv bo‘ladi. Asalda odam uchun foydali moddalarning 70 dan ortiq turi bor. Shuningdek, asalda mineral moddalar: kalsiy, natriy, kaliy va boshqalar; mikroelementlar, organik kislotalardan olma, limon kislotalari, vitaminlar (V2, V6, RR, C, E, K) borligi aniqlangan.
Asal turlari
Tabiatdan olinish manbaiga ko‘ra, gul (nektar) va shira (o‘simlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) asaliga bo‘linadi. Guldan olingan asal ham o‘simlik turiga qarab beda, yantoq, kungaboqar, g‘o‘za va boshqalarga ajraladi. Asal o‘zining ta’mi, hidi, rangi jihatidan, shuningdek, qaysi faslda qanday o‘simlik gulidan yig‘ilganligiga va joyi (tog‘, o‘rmon, vodiy)ga qarab ham farqlanadi. Eng yaxshi asal — tog‘ asali, chunki u turli dorivor gullardan yig‘iladi. Oq akatsiya, beda, olma, shaftoli va boshqa o‘simliklar gulidan to‘plangan asal ham sifatli, oftob kam tushadigan o‘rmon gullari va yetishtirishda turli zaharli dorilar sepiladigan texnika o‘simliklari, masalan, kanopdan olingan asal ancha sifatsiz hisoblanadi. Asal mumkataklardan maxsus asal ajratkich moslamalar bilan ajratib olinadi.
Asalning shifobaxshligi
Asal qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, uning 1 kilogrammida o‘rtacha 3200 kaloriya energiya bor. Asaldan tibbiyotda qadimdan dori-darmon sifatida foydalanilgan. Hozir farmatsevtika sanoatida turli dori-darmonlar ishlab chiqariladi. Asalning o‘zi turli kasalliklarga parhez va davo vositasi tarzida beriladi. XX asrning 60 yillaridan boshlab tibbiyotda asal bilan davolash usullari — apiterapiya shakllandi.
Zamonaviy tibbiyotda turli xastaliklarni muolaja sifatida asaldan keng foydalaniladi. Me’da-ichak kasalliklari azob berganda har kuni ertalab bir choyqoshiq asal yeyilsa yoki shuncha miqdordagi asal bir stakan qaynatib sovutilgan suvda eritib ichilsa, yaxshi naf beradi.
Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi ham tuzatishda asalni suvda eritib og‘iz bo‘shlig‘ini chayish kerak. Bu tomoqdagi yiringli yaralarning so‘rilib ketishiga yordam beradi. Shuningdek, shamollash kasalliklarida bir oshqoshiq iliq sutga aralashtirib ichish ham foydali.
Iste’molning me’yori
Asalning ham ozi shirin deganlaridek, ko‘p iste’mol qilingan asal salbiy ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega. Qandli diabet, allergiya, astmaga chalingan yoki asalga sezgirligi yuqori bemorlarga bu ne’matni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Katta yoshli kishilar kuniga bir osh qoshiqdan, yosh bolalar esa yarim choy qoshiqdan ortiq asal iste’mol qilmaganlari ma’qul. Odatda asal bolalarga choy qoshiqda ovqatlanishdan 2-3 soat keyin beriladi. Shunda bolaning organizmi mustahkamlanib ishtahasi ochiladi.
Kerakli tavsiyalar
Asalni shirchoy, sut yoki shirguruch bilan yegan ma’qul. Uni qaynoq suv va issiq choyga aralashtirib ichilsa, tarkibidagi foydali minerallari yo‘qolishi mumkin.
Asaldan davo topishda adashmang.
Kasalliklarni davolashda asalni to‘g‘ri tanlash muhim ahamiyatga ega.
Yuqori nafas yo‘llari shamollashida tog‘ asali foyda qiladi.
Hazm yo‘llari xastaliklarida cho‘l va dala gullaridan olingan asal shifo bo‘ladi.
Yurak xastaliklarida o‘rmon asali ko‘proq naf keltirsa, buyrak og‘rig‘ini davolashda kashtan daraxti gulining asali darmondori bo‘ladi.
Asal xususiyatini yo‘qotmasin desangiz
Asal o‘z shifobaxsh xususiyatlarini yo‘qotmasligi uchun uni temir, tunuka, alyumin yoki mis idishlarda emas, balki shisha, chinni va sopol idishlarda saqlagan ma’qul. Bundan tashqari, asal solingan idishlar quyosh nuri va isitish moslamalaridan uzoqroqda tursin. Yangi asal namligi 18 19 % va pH 3-4 bo‘lib, yopiq idishda suvdan va havo namligidan saqlansa, bir necha yuz yil aynimaydi. Biroq asal vaqt o‘tishi bilan kristallanib, qotib qolishi mumkin; bunda uni suyuqlashtirish uchun kuchsiz qizdirish kerak.