Qovunning yumshoq eti teri uchun ajoyib antidepressant bo‘lib, quyoshli mavsumda issiqning salbiy ta’siri oqibatlarining oldini olish, terining erta qarishi va haddan ortiq qurib ketishiga qarshi kurashishda yordam beradi.
Qovunli niqobning o‘ziga xos xususiyatlari
Qovun tarkibidagi A va B9 vitaminlari ultrabinafsha nurlariga qarshi faol to‘siq hosil qiladi. Uning eti va sharbati tarkibidagi S, PP vitaminlari va pektin moddasi terining mayinligi va tarangligida muhim rol o‘ynaydi. Qovunli niqob kursini qo‘llagandan so‘ng, terining rangi yorqinlashadi, undagi pigment dog‘lar kichrayadi yoki butunlay yo‘qoladi. Temir va foliy kislotasi yordamida birinchi ajinlarga qarshi kurashadi.
Shuningdek, qovun tarkibidagi kaliy va kobalt hujayralarda namlikni saqlab turishga yordam beradi, bu esa terida maksimal darajadagi namlikni ta’minlaydi. Qovunli niqobni yuzingizga qo‘llash davomida siz o‘ziga xos aromaterapiya seansidan ham o‘tasiz. Uning mayin va tetiklashtiruvchi hidi kishiga quvvat berib, mushaklarning bo‘shashishiga yordam beradi. Bu ham ajinlar yuzaga kelishining oldini olish usullaridan biri hisoblanadi.
Qovundan yuz uchun niqoblar retsepti:
Qovunli niqobni tayyorlash uchun uning yaxshi pishgan hosilidan foydalanish tavsiya etiladi. Niqob uchun zinhor do‘konlardagi qovun sharbatidan foydalanmang. Shuningdek, niqob uchun qovunni avgust-sentyabr oylarida xarid qilish tavsiya etiladi.
- Har qanday yuz terisi uchun mos keluvchi tetiklashtiruvchi niqob
Qovun sharbatiga mineral suv va yog‘lilik darajasi past sutni teng miqdorda aralashtiring. Hosil bo‘lgan kokteylga sochiqchani ho‘llab, 15—20 daqiqaga yuzingizga qo‘ying. Undan kun davomida tonik sifatida ham foydalanish mumkin.
- Ajinga qarshi
Ikki osh qoshiq qovun sharbati va etini bir osh qoshiq zaytun yog‘i va bir choy qoshiq asal bilan aralashtiring. Uni yuzingizga massaj qiluvchi harakatlar bilan surib, 25 daqiqaga qoldiring. Uni yuvib tashlagandan so‘ng, har kuni foydalanadigan kremdan surish mumkin.
- Oqartiruvchi niqob
Qovun eti va limon sharbatini teng miqdorda qo‘shing. Teriga 10—15 daqiqaga surib, keyin iliq suv bilan chaying. Shundan so‘ng biror namlantiruvchi krem surish mumkin.
- Yog‘li yaltirashni bartaraf etish uchun
Bitta tuxum oqiga bir osh qoshiq qovun sharbati va shuncha yog‘siz qatiq qo‘shing. Uni ko‘pirtirib, niqob qurib qolmasdan turib yuzga suring.
Qovunli niqobdan foydalanish qoidalari:
- tayyorlangan niqobdan 12 soat davomida foydalaning. 2—3 soatdan so‘ng niqob tarkibidagi faol moddalarning xususiyatlari kamayadi, 5—6 soatdan so‘ng u deyarli foydasiz, 12 soatdan so‘ng esa teri uchun xavfli bo‘lishi mumkin;
- tayyor niqobni qo‘llashdan avval sovutkichda saqlash mumkin;
- niqobni oldindan tozalangan yuzga suring;
- niqobni surgandan so‘ng, tinch holatda bo‘lish tavsiya etiladi.