Salomatlik

Zaharlanishni keltirib chiqaradigan 5 ta mahsulot

20 yildan buyon ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq sud ishlari bilan shug‘ullanadigan amerikalik advokat Bill Marler o‘z blogida zaharlanishga olib keladigan mahsulotlarni sanab o‘tdi.

Pasterizatsiya qilinmagan sut va sharbatlar

Xom sut va pasterizatsiya jarayonidan o‘tmagan qadoqlangan sharbatlar bakteriya, virus va parazitlar bilan ifloslangan bo‘lishi mumkin. Pasterizatsiya — oziq-ovqat mahsulotlarini zararli mikroblardan saqlash uchun 100 darajadan yuqori bo‘lmagan haroratda qizdirish jarayoni.

Yaxshi pishmagan go‘sht

Go‘sht yaxshilab qovurib yoki qaynatib pishirilganligiga e’tibor bering, aks holda ovqatdan zaharlanishingiz turgan gap.

Supermarketlardagi yuvilgan va kesilgan meva-sabzavotlar

Mahsulotlarga qanchalik ko‘p dastlabki ishlov berilgan bo‘lsa, ularning ifloslanganlik ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Yaxshisi, yuvilmagan sabzavot va mevalarni ko‘p bo‘lmagan miqdorda sotib olish va ularni 3—4 kun ichida yeb bitirish lozim. Zero, sovitgichdagi sharoit listeriya kabi bakteriyalar ko‘payishi uchun juda qulay.

Xom yoki yaxshi pishmagan tuxum

Tuxumni xom yoki chala pishgan holda iste’mol qilib, salmonnelyoz (o‘tkir ichak infeksiyasi) orttirib olishingiz mumkin.

Xom dengiz mahsulotlari

Mollyuskalar, ayniqsa, chig‘anoqlar suvni filtrlagani tufayli, bakteriyalarni to‘plash xususiyatiga ega. Mikroblar ko‘payishiga, shuningdek, chig‘anoqlar yashaydigan iliq suv ham sharoit yaratadi. Xususan, ularda oshqozon-ichak kasalliklari epidemiyasini keltirib chiqaradigan norovirus saqlanishi mumkin.