Ayol.uz

Chaqaloqlarning koʻkrakdan bosh tortish sabablari

Chaqaloqning koʻkrak emishdan bosh tortishi onani qiynaydigan eng katta muammo desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Bolaning koʻkrakdan bosh tortishiga doimo bir sabab boʻladi, ana shu sababni bilish muammoning yechimi hisoblanadi. Bola koʻkrakdan bosh tortayotganida amaliy yordam.

1.Bola haqiqatan koʻrak sutidan bosh tortyaptimikin? Baʼzi chaqaloqlar bir davrga kelib onani kamroq ema boshlaydilar. Baʼzilar bir faqat koʻkrakni xush koʻrib qoladilar. Koʻpchilik chaqaloqlar oldingi emishdan soʻng koʻp vaqt oʻtmagani sababli qorni toʻq boʻlgani uchun yaqin soatga emishdan bosh tortadi. Ikki oy boʻlgach, soatlab emib yotgan bola bir necha daqiqa davomida tez-tez emib turishga oʻtib olishi mumkin. Shu kabi holatlar onani ranjitishi hech gap emas. Bolaning bir tartibda emishiga oʻrganib qolgan ona uchun bu koʻkrakdan bosh tortishdek tuyuladi. Aslida bu chaqaloq odatlarining oʻzgarishidir, xolos. Ularga moslashish kerak boʻladi.

2. Koʻkrak sutga toʻlib ketayotgan boʻlsa? Shunday davr keladiki, bola uyquda koʻp boʻlib yoki uzoq vaqt davomida emmay yursa, onaning koʻkragi sutga toʻlib ketadi. Odatda koʻkrak suti bolaning ehtiyojiga munosib ravishda keladi. Agar koʻkrak suti haddan ziyod koʻp kelib, koʻkrakka ogʻriq berayotgan boʻlsa, u holda ortiqcha sutni sogʻib tashlash lozim. Sogʻilgan sutni toʻgʻri saqlab keyinchalik bolaning oʻziga bersa boʻladi, koʻkrakni esa ogʻriq, mastit kabi noxush holatlardan asrab qolasiz.

3. Bolani talabiga qarab emizish . Bolani emishga ehtiyoji boʻlganidagina emizish lozim. Agar bola biron jadval, vaqt- soatga qarab emizilsa, uning organizmi bu tartibga oʻrgana olmaydi. Natijada u koʻkrakdan bosh torta boshlaydi. Masalan, baʼzi chaqaloqlar kunduz kuni emishni yaxshi koʻrsalar, baʼzilari tuni bilan onasini emib chiqishni xushlaydilar. Shu yoʻl bilan ular oʻzining sutga boʻlgan 24 soatlik ehtiyojini qoplaydilar. Bolaning onaning tartibiga emas, ona bolaning tartibiga moslashishi lozim. Ona koʻkrakni vaqti-bemahal emas, aynan bola xohlaganida unga tutqazishi kerak. Bola har emganida qancha emishi muhim emas, uning jismoniy koʻrsatkichlarining ortib borishi sut yetarli ekanligidan dalolat beradi.

4. Terga-ter holatda boʻlish. Bolada emish ijobiy taassurotlarni uygʻotishi kerak. Bolani emizayotganingizda unga qarab, uni erkalab, shirin soʻzlar gapirib, biron joyga shoshmagan holda emizish muhim. Shunda bola koʻkrakdan biron sabab tufayli bosh torta boshlasa, uni yalangʻoch qilib, terini oʻzingizning teringizga tekkazib uzoq vaqt quchoqlab yuring. Teri teriga tegishi bolada emish instinktlarini uygʻotib yuboradi va uni yana emishga undaydi.

5. Sut kelishi hajmi oʻzgarishi. Yangi onalarda chaqaloqning ilk 2 oyida sut juda koʻp keladi. Chaqaloqlar bu davrda qiynalmay, kuchanmay emishga oʻrganib qoladilar. Ikki oylar oʻtgach ona organizmidagi gormonal oʻzgarishlar natijasida sut hajmi maʼlum bir qisqa muddatga kamayib qolishi mumkin. Shunda chaqaloq sut hajmi va oqimi pasayganligi tufayli emishda qiynaladi va koʻkrakdan bosh torta boshlaydi. Shunday holat yuz berganda bolaga boshqa koʻkrakni galma-galdan tutqazib koʻring. Emayotganida koʻkragingizning yuqori qismini kaftingiz bilan sut keltirish maqsadida asta ezib-ezib turing. Bu jarayon bolaga qoʻshimcha sut kelishini taʼminlaydi. Eslatib oʻtamiz, sut birdan kamayib qolish davri bir necha kunda oʻtib ketadi va bolaning ehtiyojidan kelib chiqqan holda yana kerakli holiga qaytadi. Muhimi, shu kichik davrda bolani koʻkrakdan ajratishga shoshilib, sunʼiy ovqatlanishga oʼtib yubormaslik lozim.

6. Alaxsish. Uch oylardan soʻng bolada asta-sekin atrof- muhitga boʻlgan eʼtibori oshib boradi. Shunda emayotgan payti u atrof -muhitga alaxsirayveradi va koʻkrakdan bosh tortadi. Qorni och boʻlsa ham, uning qiziquvchanligi emishga yʼol qoʻymaydi. Shu kabi holatlarda bolani qorongʻilikda, uyquga ketish yoki uyqudan turish payti emizish maqsadga muvofiq boʻladi. Onaning boʻynida bolaning koʻziga yoqimli taqinchoq bo'lishi uni diqqatini tortib tiniqib emishga undaydi.

7. Butilkaga oʻrganib qolmadimi? Bolaga qoʻshimcha tarzda butilkadan sut ichirayotgan boʻlsangiz, u holda u koʻkrak sutidan chiqib ketishi oson boʻladi. Chunki koʻkrakdan farqli oʻlaroq butilkadan sut tortish bolaga juda oson, ayniqsa so'rg'ich teshigi katta boʻlsa. Butilkadan qoʻshimcha emizish shart boʻlsa, u holda undan emayotganida bolani koʻkrakni emgan holatida ushlamang yoki karavotda yotqizib emizing. Koʻkrak sutini emganda esa u bagʻringizga yaqin boʻlsin. Iloji boʻlsa, uning teri teringizga tegib tursin. Shunda u koʻkrakni butilka bilan alishtirmaydi, chunki onaning bagʻrida yotish uchun koʻkrakdan emishi kerak boʻladi.

8. Emizish holati. Bola birdan koʻkrakdan bosh tortayotgan boʻlsa, uni boshqa holatda emizib koʻring . Baʼzi chaqaloqlar oʻsgan sari emayotganida boshqa holatda boʻlishni istaydi.

9. Issiqlik. Jazirama issiq kunlari bola emishni istamay qoladi. Yoz kunlari ham uy haroratini 24-26 gradus atrofida ushlab turishga harakat qiling.

10. Qoʻshimcha ovqatlar. Olti oydan soʻng onalar shoshib-pishib qoʻshimcha ovqat berishni yoki undan yomoni bolaga kattalarning ovqatidan yalatishni boshlaydilar. Turli xil ovqatlarning bola ratsioniga tezlik bilan kirib kelishi bolani koʻkrak sutidan bosh tortishiga sababchi boʻladi.

11. Tish ogʻrigʻi. Bolada tish chiqishi ham koʻkrak sutidan bosh tortishga sababchi boʻlishi mumkin. Ogʻzi ogʻriganidan qiynalib ketgan bola emgisi kelmay qoladi. Bolalar uchun maxsus tish qichitgichini muzlatib emizishdan oldin bolani ogʻziga berib qoʻying. Muzlagan qichitgich ogʻriqni biroz bosadi va bola emishga tayyor boʻladi.

12. Hayz va homiladorlik. Bolaning koʻkrakdan bosh tortishiga yana bir kichik sabab bu onaning gormonal holatidir. Baʼzi ayollarda hayz davomida koʻkrak suti hajmi va hatto mazasi ham oʻzgarib qoladi. Xuddi shunday homiladorlik davomida ham.

13. Onadan uzoq muddatga ayri boʻlish. Biron sabab tufayli ona bola bir necha kun davomida birga boʻlmasa, bola koʻkrakdan bosh tortadigan boʻlib qolishi mumkin. Bu holatni yengish uchun teriga-teri usulini qoʻllash juda samarali boʻladi. Tajribali onalarning maslahat berishicha, bola koʼkrakdan bosh tortayotgan boʼlsa , ogʼziga 2 -3 tomchi koʻkrak sutini tomizish kerak, u sutning mazasini his etib, koʼkrakni olishga intiladi.

14. Koʻkrak terining mazasi. Koʻkrakka biron kosmetik vosita surilgan yoki undan vosita isi taralayotgan boʻlsa, bolaga yoqmasligi mumkin. Koʻkrakdan faqat sut hidi va mazasi kelishi kerak. Hatto dengizda shoʻngʻib chiqib bolaga koʻkrakni tutqazsa, u bosh tortadi. Chunki dengizning shoʻr suvi koʻkrakni terisini bola uchun yoqimsiz qilib qoʻyadi. Eng muhimi, koʻkrakdan bosh tortish doim vaqtinchalik holat ekanligini unutmaslik kerak. Ona imkon qadar asabiylashmay, tinchlanib yoʻl tutsa, tez orada hammasi joyiga tushadi. asabiy onani bola umuman ema olmaydi.

Eʼzoza Bahodirova tayyorladi