Ayol.uz

Oyoqlari emas, orzulari bilan qadam tashlayotgan qiz hikoyasi

Bolaligim va maktab

Bolaligim juda sokin oʻtgan. U bilan eng sohir xotiralarim bogʻliq. Maktab davrlarida oʻz oyogʻim bilan yurganman. Sinfdoshlarim bilan oʻynab, bir-birimiznikiga borib darslar tayyorlab yurardik. Maktabda aʼlo oʻqiydigan oʻquvchilar safida boʻlganman. Bayram tadbirlarda ham doim qoʻshiq yoki sheʼrlar aytardim. Koʻpincha qoʻshiq aytgim kelardi. 6-sinfgacha maktabga qatnab oʻqiganman. Keyin... Uzoqqa yursam oyoqlarim charchaydigan boʻlib qolgan. Meni kuch tark etayotgan edi. Tanamni erk tashlab ketmoqda edi. Buni daqiqa sayin his qilish... bir qizaloqning ruhiyatiga ne chogʻli taʼsir qilishi mumkin?!

Darslarni uyda davom ettira boshladim. Negadir uyda oʻqiganimdan zerikardim. Dars tayyorlagim kelmasdi. Tushlarimga maktabimiz kirib chiqar, unda dugonalarim bilan chopqillab yurgan boʻlardim. Bolalik sinfdoshlar bilan qiziq ekan-da. Keyin sekin-sekin bunga koʻnikib ketdim. Oltinchi sinfdan boshlab umuman koʻchaga chiqmay qoʻydim. Bu tushkunlikdanmidi yoki, shunchaki, uy men uchun eng tinch joy boʻlib tuyulganmi, bilmadim.

Oʻn sakkiz yoshimda...

Oʻn sakkiz yoshimda batamom yurolmay qoldim. Bu davr yigit-qizlar umridagi eng goʻzal fasl edi, muhabbat fasli edi... mening qalbimda esa sevgi va dard baravar boʻy choʻzib borardi. Goʻyo ichimda ikki daraxt oʻsib borayotgandek boʻlar, ular biri-biriga soya tashlardi. Oʻsha daraxt shoxlari bir kuni tanamni yorib chiqishini kutar edim. Oyoqlarimdan mador ketib yurolmay qolgunimcha faqat oddiy qiziqishlarim boʻlgan. Kitob mutolaa qilish bilan oʻtkazgan kunlarim hayotimda oʻz soʻqmogʻini yaratdi. Yurolmay qolishim harakatlanishimni cheklagan boʻlsa-da, asl maqsadlarimni uygʻotgan kuch boʻlgan... Yaʼni bu tugʻma kasallik tufayli endi hech qachon yurolmasligimni tushunganimdan boshlab menda ulkan maqsadlar uygʻongan... Men oddiy yashab oʻtishni, shunchaki umr kechirishni xohlamasdim. Orzular qilardim...

Rassomlikka qiziqishim kuchli edi. Uyda oʻtirib oddiy havaskor rassomlikdan oʻzga natijaga erisholmasligimni tushunardim. Ichimda boshqa nimadir borlini va oʻsha narsani yuzaga chiqarolsam, orzularimga erishishimni tushunardim. Va oʻsha yoʻlni tinmay oʻylar edim. Bir kuni boʻz matoga rasm chizdim va boʻyoqda emas, munchoqda ranglarini keltirib tikdim... va u qandaydir kartinaga oʻxshadi. Men izlagan narsa, mening ichimdagi narsa, menga Allohim bergan umid shu ekanligini angladim. Shunaqa kartinalarni tikib koʻpaytirdim. Ularni qayerga olib boorish va kimga koʻrsatishni bilmay yurgan kunlarimning birida televizor orqali bir eʼlonni koʻrib qoldim. “Yurt kelajagi” yoshlar tanloviga arizalar qabul qilinayotganligini eshitib, tumanimiz tashkilotiga murojaat etdim va hunarmand sifatidagi ilk qadamimni tashladim...

Barnoxon shogirdlari davrasida
Barnoxon shogirdlari bilan

Allohning marhamati ila ishlarimga koʻpchilik qiziqish bilan qaradi. Men bundan yana-da ilhomlandim va ijod qilaverdim. Meni xursand qiladigan narsa – ota-onam niyat qilgan kunlarni koʻrayotganim. Ularning men uchun qilgan xizmatlarini soʻz bilan taʼriflay olmayman. Ular shunchalar buyuk matonat egalariki, bir oilada ikki imkoniyati cheklangan farzand...

Bugun ularning koʻzlaridagi mamnunlik va rizolikdan, ijodiy yutuqlarimdan faxrlanib gapirishlaridan quvonchga toʻlaman. Ularga munosib farzand boʻlayotganligimdan shodlanaman. Alloh menga shunday hunarni ravo koʻrganligiga shukrona aytaman. “Hunari bor xor boʻlmaydi” deganlari rost ekan.

Ijodiy ishlardan namuna

Mening bugunim

Bir misol keltirmoqchiman. “Alkimyogar” asari koʻpchilikka maʼlum. Kitobni oʻqish mobaynida shuni anglaganmanki, asar qahramoni  xazina haqida eshitib, uni izlash topish uchun yoʻlga chiqadi. Safari davomida juda koʻp narsalar topadi, tushunadi. Va xazina aslida oʻzi tark etgan joyda ekanligini anglab yetadi.

Agar inson harakat qilmasa, hatto omad ham uni izlab kelmaydi. Kitob — xazina. Buni kitobdan yaxshilik topganlar tushunadi.

Meni xursand qiladigan yana bir qiziq holat – men shu vaqtgacha televizorda koʻrgan taniqli, isteʼdodli, tanishib suhbatlashishni istagan insonlarim bilan qandaydir sabablar tufayli uchrashib qolaman va tanishgach hattoki ular mening yaqin odamlarimga aylanishadi. Kimlarni gʻoyibona yaxshi koʻrib, ijodlarini kuzatgan boʻlsam, ular bilan bir martagina uchrashishni xohlagan boʻlsam, hammalari bilan uchrashganman. Allohim meni eshitishiga imonim komil. Bundan behad orom olaman, ruhlanaman.

Baxt-saodatim ota-onam yonimdaligi, atrofimda yaxshi odamlarning koʻpligi. Oʻzingni sezishing, ruhingning ozod boʻlishi, yurolmasang ham tushlaringda qushlar bilan parvoz qilishing, xalqingning senga ishonishi, yaxshilik uchun sarflashga kuching borligi baxtli yashashing uchun asos boʻla oladi deb oʻylayman.

Orzularimdan biri – Yurtboshimiz bilan uchrashish. Agar nasib qilib, ular bilan uchrashsam, imkoniyati cheklangan yoshlar ham Vatanimiz uchun munosib farzand boʻlishga harakat qilayotganligini aytaman.

Bir paytlar bularni shunchaki koʻzlarimni yumgancha xayol qilardim, bugun esa oʻsha niyatlarimning ushalayotganini koʻraman. Orzu qilsangiz, butun dunyo o’sha orzungizning ushalishi uchun siz taraf boʻlar ekan deyman. Lekin men bu bilan manzilga yetdim demoqchi emasman. Hali toʻxtash yoʻq. Axir ijodni va izlanishni endi boshladim!

 

Madina Norchayeva yozib oldi