Ayol.uz

Yosh onalarga maslahatlar

Qoʻlida chaqalogʻi bor yosh onalarning oʻziga zeb berishga vaqti boʻlmaydi. Shunga qaramay, ayol doim goʻzal boʻlib yurishga intilishi darkor.

  1. Sochlaringiz doim toza boʻlsin. Yogʻlangan yoki aksincha qurib ketgan, patak soch ayolni goʻzal boʻlishga yoʻl qoʻymaydi.
  2. Tirnoqlar vaqtida olingan boʻlishi shart.
  3. Uzun sochni turmaklashga vaqt yetmasligi mumkin, lekin chiroyli qilib oʻrib qo'yilgan soch ham kun mobaynida buzilmaydi, ham yosh onani yanada goʻzal qila oladi.
  4. Sochlar turmaksiz ham goʻzal koʻrinishga ega boʻlishi uchun goʻzal obodoklar, toshli rezinkalar, bezakli nevidimkalar yordam beradi.
  5. Qoʻlida chaqalogʻi bor baʼzi onalar sut tomishi, chaqaloqning ovqati yoki boshqa gigiyenik vositalarning toʻkilishi kabi holatlardan qoʻrqib uydagi eng eski kiyimlarni kiyib yurishni xush koʻradilar. Siz bu davrda ham goʻzal boʻlishingiz kerak. Qimmatbaho boʻlmagan, lekin shinam va qulay, toza kiyimlarni kiyishga odatlaning. Eskirgan, o'lchami sizga toʻgʻri kelmaydigan, dogʻi bor, yirtiq yoki oqarib ketgan kiyimlarni tashlab yuboring. Siz, avallambor, ayolsiz.
  6. Boʻyanishga vaqt yoki ehtiyoj boʻlmasligi mumkin. Lekin homiladorlikdan soʻng yuzga ozuqa va parvarish kerakligi haqida unutmang. Krem, losyon, yuzni tozalovchi vositalardan foydalanishni toʻxtatmang.
  7. Ayolning goʻzalligi uning charchog'iga ham bogʻliq. Charchagan ayol goʻzal koʻrinishi qiyin. Bola uxlaganida barcha ishingizni surib birga uxlab olishingiz muhim. Dam olish nafaqat goʻzal boʻlishga yordam beradi, balki asablaringizni ham tinchlantiradi.
  8. “Bolaga sut kerak” deb har narsani yeyish shart emas. Masalan, shokolad, konfet, tort kabi yeguliklar sut koʻpayishiga yordam bermaydi, lekin sizni qoʻshimcha vazn bilan taʼminlaydi.
  9. Kunda hech boʻlmasa 30 daqiqa davomida yengil jismoniy mashgʻulotlarini bajarishga vaqt toping. Oʻzingiz bilgan mashgʻulotlar yoki maxsus videodarslar sizga yordam beradi. Jismoniy mashgʻulotlar homiladorlikdan soʻng onaning jismoniy holatini va salomatligini yaxshilaydi.
  10. Doim qulay kiyimda yuring. Terlatadigan, uzun, sintetik yoki qoʻpol kiyimlar tez-tez terlab turadigan yosh ona terisiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

E'zoza Bahodirova tayyorladi