Keyingi vaqtlarda nikoh yoshining “yosharib” ketayotgani haqida koʻp gapirilyapti. Buning psixofiziologik, iqtisodiy asorati ogʻirroq kechadi. Bolani tugʻish, tarbiyalash uchun juftlarning bir-birini yaxshi koʻrishining oʻzi kamlik qiladi. Bu ham juda muhim, albatta. Ammo muhabbatning yana bir uchinchi shaxsni paydo qilishi uchun er-u xotin shu uchinchi shaxsga gʻamxoʻrlik qilishga tayyor boʻlishlari kerak. Demak, erkak ham, ayniqsa, ayol ham, avvalo, yetilgan, hayotda oʻz oʻrnilarini belgilab olgan, qolaversa, eng zaruriy moddiy zamin yaratilgan boʻlishi lozim.
Qisqa qilib aytganda, bola — ixtiyoriy, istalgan, kutilgan boʻlishi kerak. Qadimdan Sharqda qizlarni barvaqt erga berishgani maʼlum. Hozir bunga intilganlarning koʻpchiligi “oldin shunday qilishgan edi-ku!” deyishdan nariga oʻtishmaydi. Holbuki, bu kam. Shuning oʻzinigina bahona qiladiganlar davr oʻzgarganini ham, qizlar va erkak bolalar ruhiyati oʻzgarganini ham, shunga koʻra ular yana koʻp jihatlardan oila qurishga, bola koʻrishga tayyor emasliklarini, buni buzish bilan oʻzlariga koʻp tashvishlar (ham fiziologik, ham huquqiy) orttirayotganlarini bilmaydilar yoki bilgilari kelmaydi. Qiz bola tuxumdonida tuxum hujayralari muntazam bir meʼyorda yetila boshlagandan, yaʼni hayz koʻrgandan boshlab homilador boʻlishi mumkin. Ayollarda bola tugʻishga qodirlik davri oʻrtacha oʻttiz yil (oʻn olti yoshdan qirq olti yoshgacha) davom etadi.
Ayol organizmining, yuqorida aytilgandek, “yetilgan” davri yigirma ikki — yigirma olti yoshlarga toʻgʻri keladi. Birinchi homiladorlik shu davrga toʻgʻri kelsa, ayol vrachlar nazoratida boʻlsa, homilasini ancha “yengil” koʻtaradi. Tugʻruq ham nisbatan oson kechadi. Vrachlar birinchi homila yigirma sakkiz yoshdan keyin boʻlgan hollarda homilani koʻtarish ham, tugʻish ham nisbatan ogʻirroq boʻlishi mumkinligini nazarga olib, bunday ayollarni nazoratga oladilar. Lekin bu — faqat birinchi homilaga tegishli. Birinchi bolasini 22 —26 yoshlarda tug'gan ayol, undan keyingi bolalarini yigirma sakkizdan keyin ham bexavotir koʻtarishi va tugʻishi mumkin. Ayrim sabablarga koʻra, masalan ayol yoki eri uzoq vaqt davolangan boʻlsa, muolajalar ijobiy samara berib, yoshi oʻtib qolganda, yaʼni 35—40 yoshda ham homilador boʻlgan va eson-omon yaxshi qutilib olgan hollar ham uchraydi. Bunday hollarda vrachlar hozirgi zamon tabobatida ayolga yordam berish murakkab emasligini aytadilar, uning ortiqcha qoʻrqinch, tashvishlardan forigʻ boʻlishiga yordam beradilar. Buni aytish bilan yigirma sakkiz — oʻttizdan oshgan juvonning farzand koʻrishida ortiqcha hayajonga urin boʻlmasligi kerakligini eslatib oʻtmoqchimiz, xolos. Aksincha, juda erta, jilla boʻlmasa oʻn toʻqqiz, yigirmaga kirmay turib bola koʻrishning asorati ancha sezilarli boʻladi. Chunki yosh ayol hali jismonan ham, ruhan ham, moddiy jihatdan ham ona boʻlishga tayyor boʻlmaydi.
Ona boʻlish yoshi bilan ona boʻlguvchi ayolning ruhiyati haqida bejiz toʻxtalmayapmiz. Homiladorlik, ayol organizmidagina emas, uning ruhiyatida ham muayyan oʻzgarishlar yasashi shubhasiz. Koʻp narsa ayol psixikasining oʻziga xosligiga bogʻliq, albatta. Oʻta taʼsirchan, atrof muhitga tez moslasha olmaydigan ayollarda homiladorlik maʼlum asoratlar bilan utishi mumkin. Oʻzini bosib olgan, ruhiyati normal ayollarda esa homiladorlik ham, tugʻish ham qariyb asoratsiz oʻtadi. Albatta, koʻp narsa ona boʻlishga tayyorlanayotgan ayol yashab yurgan sharoit, ruhiy muhitga ham bogʻliq. Oʻzi sogʻlom, eri mehribon boʻlgan ayol, boz ustiga bobo va buvilar ham boʻlajak nabirani intizorlik bilan kutayotgan sharoitda hech qanday ruhiy toliqishlarsiz qutilib oladi.
BAHODIROVA Eʼzoza