O'zbek ayollarining o'ziga xos xususiyatlaridan biri - bu karyera va o'z xohishlarini chetga surib hech ikkilanmay oilani tanlashidir. Qaynona-qaynota ko'nglini topish, erining suyuklisi bo'lish, bolalarni tarbiyalash, qarindosh-urug' munosabatlarini mustahkamlash-u tuganmas ro'zg'or yumushlarini ado etish ba'zida ayolda o'zi uchun yashash tushunchasini unuttirib qo'yadi. Natijada ayol uy xizmatidan boshqa ishga yaramaydigan, bundan ortig’iga xohish-irodasi so'nib bo'lgan, faqat yaqinlari uchun yashaydigan insonga aylanib qoladi. Ammo bu doim ham to'g'ri yechim emas. Jamiyatda gender tengligi ta'minlangan ekan nega ayollar o'zlari orzu qilgan kasbda ishlashi, shaxsiy biznesini yuritishi, dunyo kezib zavqlanib yashashi kerak emas? Balki "ayol-ojiz hilqat" tushunchasini unutish vaqti kelgandir...
Gender tenglik bu erkaklar o'ylaganidek “ayollarga hokimiyat berib qo'yish” degani emas, shunchaki ular ham konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanish, erkin kasb tanlash, iqtidorini namoyish etishga yo'l ochish demakdir. Qachonki ayolda kuchli xohish bor ekan, oilani eplab ham o'zini jamiyatning faol shaxsi sifatida kashf eta olishi mumkin.
Buni isbotlagan ayollar oramizda ko'p. “Muxlisa Lady Cook” taxallusi bilan ko’pchilikka tanish bugungi qahramonimiz ham o'z karyerasini 11 yillik uy bekaligidan boshladi va so'nggi 2 yil ichida jamiyatning namunaviy ayollaridan biri sifatida tilga olinmoqda.
"Styuardessa bo'lishni orzu qilardim"
Muxlisa bolaligida tengdoshlariga nisbatan bo’yi uzun, ozg’in, yuzi tiniq, ko’zlari porloq, tim qora sochlari qo’ng’iroq, qatti-qomati tik, tartibli va chiroyli kiyinadigan qizaloq edi. Ko’rgan-bilgan tanishlar oyisiga “shu qizingizdan zo’r model chiqadida, modellikka bering” deya takliflar berar, Muxlisa ham maktab davrlarida model bo’lish orzusi bilan yashar edi. Biroq kun kelib u boshqa kasbni tanlashga qaror qildi.
- Model bo’lish uchun ochiq-sochiq kiyinish, qaddi-qomatni namoyon etish kerak. Men esa bobo-buvimning tarbiyasini olganim uchun hatto kalta-kulta kiymaganman, shim kiysamam uzunroq tonikalar bilan kiyardim. Bizda model qizlarni uncha to’g’ri tushunishmaydi. Undan ko’ra styuardessa bo’lishni tanlasam hammaga yaxshi bo’ladi deb o’yladim. Styuardessalar doim klassik kiyimda, tartibli va muaomalali, ko’p tillarni biladi, dunyo kezib yuradi. Men ham ulardek bo’lishni juda istaganman, haliyam juda xohlayman. Ularga havasim keladi. Lekin, uydagilarim yo’q deyishgan…chunki men oilada bitta qizman. Otam bir yoshga to’lmasimdan olamdan o’tgan. Men ota mehri haqida tushunchaga ega emasman, buni his qilish menga nasib etmagan. Onam esa o’gay ota qo’lida qiynalmasligim uchun boshqa turmush qurmadi, hayotini menga bag’ishladilar. Yoshligimda otam yo’qligiga ko’p o’ksingan bo’lsam, turmushga chiqqanimdan so’ng onamga qanchalik qiyin bo’lganini anglaganman. Onam ish bilan band bo’lgani uchun, meni rahmatli buvim katta qilganlar. Shuning uchun kasb tanlashga kelganda uydagilarimni orzusini amalga oshirish menikidan ham muhim bo’lgan. Styuardessalar 25-30 yoshgacha turmush qurmasligi kerak, bu esa mentalitetimizga xos emas. Bizda 22 yoshdan o’tsangiz darrov shubhalanib, “qari qiz”ga chiqarib qo’yishadi. Buni ustiga buvim sal kech qolsam ham havotir olardilar, “samolyotga chiqqaningda portlab ketsa nima qilamiz” deb qo’rqqanlaridan bunga qarshi bo’lganlar. Shunday qilib orzularimniyam “portlatishgan”. Uyimdagilar shifokor bo’lishimni xohlashardi, ammo kasalxona hidi, qo’rqinchli anjomlari umuman yoqmasdi. Xullas, ko’p o’ylab buvimni xohishlariga ko’ra “ayol kishi pazanda bo’lishi kerak” deb Toshkent menejment va texnologiyalar kollejiga “oshpaz, novvoylik va qandolatchilik” mutaxassisligiga o’qishga berishgan. Ammo oshpazlikniyam oxiriga yetkazolmay ikkinchi kursda, 17 yoshimda turmushga chiqdim.
Muxlisa onasining yagonasi, bobo-buvisining ko’z-qorachig’idek aziz nabirasi bo’lib katta bo’ldi. Uning tezroq oila qurib “o’zidan ko’payishi”ni hamma istardi. Taqdir ham qahramonimizga huddi o’zi orzu qilgandek kelishgan, doim oq ko’ylak, kostyum-shimda yuradigan, ko’p tilni biladigan, rasmiy tashkilotda ishlaydigan, muhimi uni bir ko’rishda sevib qolgan “oq otli shaxzoda”ni uchratgach to’yga rozi bo’lmaslikning iloji qolmadi.
- 4 ta o’g’il, bitta qiz, qaynona-qaynotam, qaynona-buvijonim bo’lgan, keldi-ketti uzilmaydigan mehmondo’st oilaning eng yoshi, erkatoy kelini bo’lganman. Uy-ro’zg’or yumushlaridan ortolmay o’qishga borolmaganman. Ammo o’qituvchilarim to’g’ri tushunib oxirida yaxshi baho qo’yib berishgan. 15-16 yoshligimda buvim “kel ovqat qilishni o’rgan” deganlarida “ustimdan ovqat hidi keb qoladi” deb bormasdim. Kelin bo’ganimda esa rosa qiynaldim, osh o’rniga shovla, qattiq somsa yegan kunlarimiz ham bo’ldi. Lekin qaynonam hech narsa demaganlar, qaytanga sabr bilan ko’p narsa o’rgatganlar. O’xshamasa qayta-qayta pishirib ko’raverardim. Nonushtaga tort, pishiriq qilish imkoni bo’lmasada, xamirga yog’ surtib qatlamami, oddiy quymoqmi yo’qdan bor qilib albatta nimadir tayyorlab qo’yardim. Keyinchalik pazandalik kurslariga borib barcha sirlarni o’rganib oldim.
"Taom pishirishdan ko'ra, bezatishni yoqtiraman"
Muxlisa ko’p bor kasbini o’zgartirishga harakat qildi. 2 ta farzandli bo’lgach karving san’ati, to’qish mahorati, shokoladli buketlar yasashdan dars oldi. O’z ishini buket yasab do’konlarga sotishdan boshlamoqchi bo’ldi. Bundan 7 yil avval bu hali yangilik edi va narxi oddiy buketnikidan qimmat bo’lgani uchun odamlarning qabul qilishi qiyin kechdi. Qahramonimiz avvaliga mentalitet deb o’zi orzu qilgan kasbni egallay olmagan bo’lsa, keyinchalik unga omad va shuhrat olib kelgan ishini boshlashiga o’zbeklarga xos “qo’shni haqqi” urf-odati sabab bo’ldi.
- Hovliga ko’chganimizda yangi qo’shnilar bilan tanishish uchun turli narsalar pishirib chiqardim. Mahallada kim nima tansiq taom pishirsa bir-biriga ulashardi. Bayramlarda osh chiqarsam yoniga bedana tuxumlar, salatlar bilan bezatardim. Hech bo’lmaganda taomni bittagina limon parragi yoki ko’katlar bilan bezasam bu mutlaqo boshqacha ko’rinish berardi. Taom pishirishdanam ko’ra, uni chiroyli bezatib suratga olishni ko’proq yoqtiraman. Va bu qo’shnilarimga yoqib, “bizni qizlarimizgayam pazandalikni o’rgating” degan taklif bo’lgan. Shunday qilib birinchi darsimni o’z oshxonamda 4 ta qo’shni qizga o’tganman. Bu ikkita o'g'limdan keyin tug'ilgan egizak qizlarim 1 yoshga to’lgan 3 yil oldingi gap. O’shanda 50 dollardan to’lovini avvaldan olib birinchi dars o’tib bo’lgach qo’limda 200 dollar pul bilan xursand bo’lib erimni ishdan kelishini kutganman. Stol ustiga pulni qo’yib maqtanganman. Axir uydan chiqmasdan turib pul ishlab topdim! Hozir erim men bilan faxrlanadi deb tursam u kishi meni tabriklab, duo qilib, pulni sekin surib o’zimga qaytarib berdilar. Hayron qoldim. Shunda turmush o’rtog’imning kutilmagan so’zlari fikrlarimni mutlaqo o’zgartirib yubordi. Har safar qizlardan pul olganda shu gaplarni eslayman: “oyisi, avvalambor uyda o’tirib ham ishlashga urinayotganing, oilamiz budjetiga hissa qo’shishni istayotganing quvontirdi. Lekin agar bu ishlarni pul topish uchun qilayotgan bo’lsang, hozir to’xtatganing yaxshi! Chunki odam qancha ko’p topsa, yanada ko’p pul xohlab qoladi. Seni maqsading ayollarga hunar o’rgatish, qo’lidan mo’jiza yaratish kelishiga ishontirish bo’lsin. Ertaga ular oila a’zolariga taom pishirib berganida senga rahmat aytadigan, duo qiladigan bo’lsa, shu seni barakang bo’ladi” deganlar. Agar bu gaplarni aytmaganlarida men rostanam ko’p pul topishga qiziqib ketgan bo’lardim. So'ng turmush oʻrtogʻim gʻoyalari bilan ”Muxlisa Lady Cook” brendini yaratdik. Pishirganlarimni ijtimoiy tarmoqqa joylagach, pazandalikni oʻrganishni istaydiganlar soni va tortlarga buyurtmalar koʻpayib ketdi. Shundan beri dars o’tsam barcha sir-asrorlarni yashirmasdan o’rgataman, hatto piyoz archishni bilmaydigan qizlar keladi, ular bilan ko’proq ishlayman. Boshlangandan beri 54 ta guruh o’qitgan bo’lsam hozirgacha har bir guruh qizlarini savollariga javob yozaman, bilmaganini erinmay tushuntiraman. Darsim 2 soatga mo’ljallangan bo’lsada qizlar bilan amaliy mashg’ulotimiz cho’zilib ketadi, hatto ovqat yeyishga vaqtim bo’lmaydi. “Etikdo’z etiksiz” deganlaridek o’zim uchun ovqat pishirishga vaqt topolmayman. Ba’zida oyim, ba’zida qaynonam yordam beradi, ko’pincha tayyor ovqat buyurtma qilamiz.
“Nimadir bilan chalgʻimasam boʻlmaydi deganman oʻzimga”
Ko’pchilik erkaklar ayolimni moddiy ta’minlab qo’ysam uni ishlatishga hojat qolmaydi, deb o’ylaydi. Ammo ayollar naqadar pulni yaxshi ko’rmasin, ularni ishlashga undaydigan sabab boshqa narsada bo’ladi. Huddi qahramonimiz kabi.
- Menda moddiy qiyinchilik bo’lmagan, hamma sharotim yetarli edi. Ammo uyda o’tirgan ayol asabi tamom bo’lib, yovvoyi odamga aylanib qolarkan. 2 ta farzandli bo’lgach hovlidan alohida ko’chib chiqqanimizda rosa qiynalganman. Biri yig’lasa biri boshlaydi. Uy ishlari mayli, bola qarashni o’zi odamni charchatib qo’yadi. Ayniqsa egizak qizlarimda juda qiynaldim. 9 oy muddatni 7 oyini kasalxonada o’tkazganman. Ular tug’ilganda qanday eplayman deb qo’rqqanman. Erim, onam, qaynonam, buvim, hatto enaga yollab qaraganmiz qizlarga. Ham jismonan, ham ruhan charchab, tinchlikni xohlab qolardim. Odam uyda ko’p o’tirib qolsa ko’pchilik ichida ham o’zini yolg’iz his qiladigan, kim bilan nimani suhbatlashni bilmaydigan odamoviga aylanib qolarkan. Shunda nimadir bilan chalg’imasam bo’lmaydi deganman o’zimga. Bolalardan ortib biror tashkilotda isholmasdim ham. Shuning uchun uyda, oshxonamda ko’ngillilarga pazandalik sirlaridan dars berishni boshlaganman. Har kuni har xil qizlar bilan gaplashaman, dardi-quvonchiga sherik bo’laman, ulardan nimadir o’rganaman, qadrdon dugonalar, opa-singillar orttiraman. Hozir 10 minut yolg’iz qololsam katta gap.
“Sizdek bo’lishi uchun nima qilish kerak?”
Muxlisaga eng ko’p beriladigan savol “sizdek bo’lishi uchun nima qilish kerak?” va u atrofdagilarga shunday javob qaytaradi:
- Hamma odamni o’zini yo’li bor. Men bir yoki ikki yilda o’rganib master bo’lmaganman. Bu yillar davomida o’qib-o’rganganim, o’xshamagan retseptlarimdan yiqqan tajribalarim natijasidir. Ba’zida dars vaqtidayam taom kutilgandek chiqmasligi mumkin. Hammavaqt o’rganishdaman. Agar oshpazlikni tanlamoqchi bo'lishsa yaxshi ustoz topishni maslahat beraman. Har qanday ishni boshlashdan oldin yaxshi niyatda bo’lish kerak. Kimdir menga payti kelganda seni o'z biznesing, shogirdlaring bo'ladi, taniqli shaxslar bilan do'stlashasan, TVda seni hamma ko'radi deyishsa umuman ishonmagan bo'lardim. Hatto mashina haydash men uchun kema haydashdek tasavvurimga sig’magan ish edi. Bu 4 bolaning onasi bo'lgan uy bekasi uchun shunchaki orzu edi xolos. Turmush o’rtog’im qo’llab-quvvatlagani uchun o'zimga ishonchim ortib o'ylaganimdanda ko'piga erishdim. Darslarni, telesyomkalarni uyimda o’tkazganim uchun kun bo’yi odam rosa gavjum bo’ladi, ba’zida kechki ovqatga hech narsa pishirolmay qolaman, bayramoldi kunlari tortlarga buyurtmalar ko’payib ketadi. Shunday paytlarda erim ruxsat bermasa, bolalar bilan shug’ullanib turmasa men hech biriga ulgurmagan bo’lardim. 2 yil davomida u kishi ishdan kelguncha darslarni tugatib, oshxonalarni yig’ishtirib hech narsa bo’lmaganday qilib qo’yardim. Ammo karantin vaqtida erim uyda bo’lib, ishimni kuzatib, menga qanchalik qiyinligini, uyda ishlash noqulayligini tushunib yetdilar. Shuning uchun yangi o’quv markazi ochish uchun yer olib berdilar. Yaqin kunlarda ta’miri tugasa xotin-qizlar uchun kerakli barcha hunarlari o’rgatadigan o’quv markazi ochamiz.
Shu o’rinda omadli ayol ortida turgan kuchli erkak fikrlari bilan tanishsak. Xo’sh, ishlaydigan va ishlamaydigan ayollar ruhiyatida qanday o’zgarish bo’ladi? Nima uchun erkaklar o’z rafiqasini qo’llashi kerak?
Baxtiyor Mo'minjonov - tadbirkor, qahramonning turmush o'rtog'i:
- Ishlaydigan ayolning g’iybat qilishga, hayotdan nolib yashashiga vaqti bo’lmaydi. Ishlasa ko’pni ko’rib fikr qiladi, kezi kelganda shukur. Keng dunyoqarashi bilan esa farzandlarini tarbiyalashga qiynalmaydi. Rafiqam misolida aytadigan bo’lsam, u sevgan ishi bilan shug’ullanish orqali xotin-qizlarni hunarga, ro’zg’or tutishga o’rgatyapti, teleloyihalarda pazandalik sirlari bilan bo’lishadi. Ijtimoiy tarmoqdagi 93 mingdan ortiq kuzatuvchilariga foydali kontent yaratyapti, uydan chiqolmaydigan ayollarga on-line mahorat darslari tashkil etadi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga bepul darslar o’tib turadi. Bu ishlar uni charchatish o’rniga, bir olam zavq beradi, o’zini eng baxtli ayol va jamiyatga kerakli shaxs ekanligini his etishga undaydi. “Kuning qanday o’tdi”degan savolimga har gal to’lqinlanib, ko’zlari yonib javob berishini ko’rsangiz edi. Uning pozitiv kayfiyati menga, farzandlarimga ham bevosita ta’sir ko’rsatadi. Ayolini baxtli qilish har bir erning burchi deb o’ylayman.
- Asosiysi o’qimishli bo’lish emas, hunarli bo’lish ekan. Hayotda men o’rgangan narsa shu bo’ldi. O’zimdan misol, men ham institutda o’qimaganman. Birinchidan aynan oshpazlikni o’rgatadigan oliy ta’lim muassasi yo’q. Ikkinchi sabab oiladan tinib-tinchiguningizcha o’qishga bo’lgan ishtiyoq so’nib boradi. Lekin hunarim orqasidan hech kam bo’lmadim. Masalan, o’qimishli tanishlarim bir-ikki million oylik uchun bir oy ishlasa, men haftada 3 kun ishlab ulardan 10 baravar ko’p pul topaman. Qolgan ikki kunimda syomkalar, mahorat darslari bilan band bo’laman. Uyimda o’zim xohlagan atmosfera yaratib zavqlanib ishlayman. Yana ko’pchilik ayollar aytadiki, ming iqtidori, imkoniyati yetarli bo’lsada ishlash uchun eri rusxat bermaydi. Lekin unutmangki, ayol erini, qaynona-qanotasini ko’ngilini topolsa, ishonchini qozonolsa hech kim uni yo’lini to’smaydi. Uddalab bo’lmas ishning o’zi yo’q. Ayolning ustunligi chiroyda emas, aqlda! Oilada qo’llab quvvatlashga erishgan ayol esa shubhasiz barcha ishni birdek eplay oladi. Oshpazlar tilidan aytganda, six ham, kabob ham kuymaydi.
Muxlisa Mo’minjonova ayol kishi orzulariga erishishni boshlashi uchun hech qachon kech emasligini, o’zi e’tibor qilmagan kichik bir qobilyatdan ham foyda olish mumkinligini isbotlagan zamonamiz qahramonidir. Aslida har bir ayol ichida o’zgacha iste’dod yashirin. Oddiy non yopish, keraksiz matolardan bejirim buyumlar yasash, soch turmaklash, gul o’stirish, uy hayvonlarini parvarish qilish kabi har kuni hamma qiladigan ishlardan o’z yolini topib ketgan ayollar bor oramizda. Shunchaki ichki ovozimizga quloq tutib, “men jamiyatga qanday foyda keltira olaman” degan savolga javob topa olsak bas.
Sabohat Uzoqova, jurnalist