"Men 10 yoshligimda Fransiya madhiyasini yod olganman. Sabab bizga maktabda Fransuz tili o‘rgatilardi va tilga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Paxta terish o‘rniga onamga, akamlarga madhiya yoki biror bir qo‘shiq aytib berar edim ular esa eshitib paxta terishardi. Men o‘zi umuman “norma” bajargan odam emasman. Qishloqda oddiy baliqchi oilasida tug‘ilganman, oilamiz qiynalib kun kechirgan, yashirmayman.
2000 – yilda maktabni bitirib Jahon tillari universitetiga o‘zimni kuchim bilan bir amallab fransuz tili fakultetiga kontraktga kirganman. To‘g‘ri Diplomatiyani orzu qilganman, kim orzu qilmagan deysiz, lekin u yerga chuqur tayyorgarlik kerak, maxsus ustozlar, darslar, bizda hatto maktabda ham kuchli darajada bilim berilmagan, sharoitim ham yo‘q edi qo‘shimcha taʼlim olishga. Birinchi yil ham, ikkinchi yil ham kontrakt bo‘lganman. Ikkinchi yil onam “Senga orqaga yo‘l yo‘q! Qishloqqa qaytsang orzularinga erisha olmaysan, turmushga chiqasan va qolib ketasan. Sen agar o‘qiyman desang, men qo‘limni sotib bo‘lsa ham seni o‘qitaman” dedilar. Shu bilan butun oilam meni kontrakt pulimni to‘lash uchun ishlashni, men esa o‘qishni boshladim. Oilada 3 ta akam bor, lekin birgina men oilamizda o‘qidim. Ular o‘zini o‘qishda ko‘rmagan, aytganimdek oddiy oilamiz, qora mehnatdamiz deb, hatto o‘qish haqida o‘ylashga ham jurʼat etishmagan.
Uchta ta o‘g‘ilga emas, ota-onam aynan menga sarmoya qilishdi, bilasizmi buni ham qila olish kerak. Hamma ota-ona bunaqa qilolmaydi, “Qizim o‘qiydi!” demaydi. Ayniqsa jamiyatimizda u aytadi, bu aytadi “Qiz bolani o‘qitish, bu pulni yo‘qotish”, “Investitsiya qiz bolaga emas, o‘g‘il bolaga bo‘lishi kerak” deydi. Menda teskarisi bo‘lgan. Vaholanki qiz bolani o‘qitish bu jamiyatni, kelajak avlodni o‘qitish degani. O‘qigan ayol farzandiga tarbiya, madaniyat va ilm beroladi.
2005-yil juda qo‘p qiyinchilik bilan Jahon tillarini tugatdim. Sababi, kontrakt to‘lashni o‘zi bo‘lmadi. Oilam kontrakt to‘ladi, men esa ijaraga uy to‘lovini qilar edim. Yashash kerak edi! Toshkent baribir Toshkent! Insonni, ayniqsa hech kimi yo‘q insonni yutib yuboradi. Meni esa hech kimim yo‘q edi bu yerda. To‘rt-besh joyda ishladim. Farrosh bo‘lib ishladim, kechasi bilan lag‘mon cho‘zib sahar kunduzi sotar edim, Xorazmlik bo‘lganim uchun guruch sotganman. Shunday qilib 21-22 yoshlik davrim o‘tgan. 24 yoshimda esa Fransiyaga ketganman. Men uchun Toshkentda joylashishni umuman iloji yo‘q edi. Meni o‘zimga bo‘lgan ishonchimdan ortiq hech nima yo‘q edi bu yerda. Ota-onamga iltimos qildim: “Shunchasiga chidadingiz, yana bir marta men uchun amallanglar”, deb. Oxirgi ho‘kizimizni sotib Fransiyagacha yetib olganman. Keyin nima bo‘ladi, qanday bo‘ladi - bilmayman. Albatta aniq bilar edim, qiyinchilik bo‘ladi, ammo bu yerda ham o‘sha qiyinchilik bor. Toshkentda ko‘prik tagida tunagan vaqtlarim bo‘lgan. Shu sabab hamma narsaga chiday olishimga ishonganman. Faqat orqaga qaytish yo‘q, der edim. “Xato qil mayli, shu xato evaziga nimadir o‘rganasan”, deb qaytarar edim o‘zimga. Xato qilish kerak, Nilufar.
Shunaqa dastur bor edi, "Madaniyat almashuvi", shu dastur sabab ketganman Fransiyaga. Bir oilada yashaysiz, ular sizga joy beradi, haftasiga ozgina pul beradi, ular bilan til o‘rganasiz muloqotda va farzandlariga qaraysiz. Meni bitta va eng muhim kuchli tarafim, til bilar edim. Lekin juda qiynalganman, rosti. Ketish vaqtim shunaqa davrga to‘g‘ri keldi-ki, kambag‘allik akalarimni Rossiyaga borib ishlashga majbur qildi, ular ketgan, u yerda esa pasportlarini olib qo‘yishgan, akalarimdan darak yo‘q, onam infarkt oldilar, men esa ketayapman, lekin hammasini ichimda olib ketdim. Bu qiyin! Yoki hozir to‘xtab qolib ketaman, yoki harakat qilaman, o‘zim uchun, ota-onam uchun, hamma uchun. Fransiyada ham to‘qqiz oy qiynalib ishladim, odam o‘rnida ko‘rishmadi, hamma og‘ir ish menda edi.
Zo‘ravonlikni eng yomon turi bu maʼnaviy zo‘ravonlik. Meni qanaqadir maʼnoda o‘sha to‘qqiz oy sindirdi. Bittagina quvonchim, yerto‘lada yashasam xam, umrimda birinchi bor, meni o‘z xonam bor edi.
Keyin bir dugona topdim-da, qarz oldim. 30 yevro! U pulga tikuv mashinasini xarid qilganman. Ishlagim kelgan, tikishni bilar edim, shu ishimni davom ettirgim keldi. Bir-ikkita kichik ishlar oldim, unga-bunga narsa tikib berdim, 1-2 yevro ishlashni boshladim. Bolalarga bayramlarga kiyimlar tikishni boshladim, kimgadir parda tikib berdim. Men qo‘l mehnati qilishni yaxshi ko‘rardim, tabiatim shunaqami, bilmadim. Doim tikish qilsam, xuddi onam yonimda turgandek bo‘ladilar. Hozir onam bu dunyoda yo‘qlar, lekin hozir ham tikish qilsam onam oldimda turib, yelkamdan tutgandek bo‘ladilar. Shu bilan Fransiya hayotiga singishni boshladim. O‘sha vaqtda “men Dizayner bo‘laman”, deb qaror qilganman. Lekin biznes maktablar, tikish kurslari Fransiyada juda qimmat. Yana o‘sha muammo, cho‘ntagim ko‘tarmas edi. Demak ishlash kerak, mablag‘ yig‘ish kerak. 2008 – yil Fransiyada katta krizis davri boshlangan, butun korxonalar yig‘ilib, hamma Xitoyga ketishni boshlagan. 1 oy, uzog‘i borsa 2 oy turli korxonalarda ishlaganman. Keyin o‘zimni ishimni ochmoqchi bo‘ldim. “Brend yarataman!”, degan maqsad paydo bo‘ldi. 2010-yilda kichkinagina atelye ochdim. O‘ylardim-ki, o‘sha ko‘ylakni ustiga “Bahor”, degan nomni qo‘ysam bo‘ldi, bu brend bo‘ladi deb. Aslini olganda bu umuman bo‘lmagan hayollar ekan. Bu katta ish, katta mehnat. Men mehnatdan qo‘rqmayman.
O‘sha davrda yana bir hayotimdagi katta burilish bo‘lgan, bu meni oila qurganim. Do‘stlar piknikka taklif qilishganida turmush o‘rtog‘imni uchratib qolganman. Bu umuman hayotimdagi kutilmagan, rejalashtirilmagan uchrashuv bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im Fransiyalik.
Ishni boshladim-u, farzand kutayotganimni bilib, ketma-ket ikki farzand bilan 4 yil yana pauza bo‘ldi. Atelyemda ishlar sekin bo‘lsa ham yura boshladi va men boshqalarga ham yordam berishni xohladim.
Fransiyada migrant ayollar yashaydigan kvartal bor, avval ularning sharoiti bilan tanishdim, kimdir tikishni biladi, kimdir ishga muhtoj, kimgadir moliyaviy yoki psixologik yordam kerak. Bularni barchasini o‘rganib ularni ishga yollashga qaror qildim va shu bilan kasb o‘rgatishni boshladim. Sekin-sekin ijtimoiy loyihalar va ijtimoiy hayotga kirdim. Ushbu loyihalar orqali ayollarni jamiyatga integratsiyalashuv jarayonini tezlashtirishimga ishonchim komil edi. Hozirgacha bu ishlar davom etib kelmoqda. Hozir Fransiyada 10 dan ortiq tadbirkor ayollar bor, aynan shu loyihadan o‘z qadamini boshlaganlardan. Ilhomlanaman ularni ko‘rsam.
Endi faoliyatni Vatanimda davom etirmoqchiman. O‘zbekistonga kelib, umumiy hisobda 5 ta viloyatda bo‘ldim. Tadbirkorlikka qiziqqan ko‘plab ayollarni uchratdim. Umuman olganda, ijtimoiy tadbirkorlikni ayollar orasida rivojlantirish va bunga bo‘lgan reaksiyalarini ko‘rmoqchi bo‘ldim. Hammada deyarli bir xil savol: “Nimadan boshlash kerak?”. Lekin yaxshi qabul qilishdi, bundan xursandman. Ijtimoiy loyiha - bu bir kishini muammosinni xal qiluvchi ish emas, bu umumiy, hammaga taʼluqli muammoni hal qiluvchi loyiha. Fransuzlarda bir maqol bor: “Binoni qurishga har kim o‘zini toshini olib keladi”. Bir kishi xohishi bilan ish hal bo‘lib ketmaydi. Mana bugun uchrashdim, endi keyingi bosqichlar huquqiy masalalar va hujjatlar. O‘sha sohani iqtisodiy va homiy masalalari, mutaxassislarni jalb qilish va boshqa masalalar. Bu loyiha ishga tushsa, yosh qizlar va ayollarning bandligi taʼminlanadi.
Hozir akalarim men bilan faxrlanishiga ishonaman, lekin ular menga buni hech qachon aytishmasligini ham bilaman. Mentalitet shunaqa. Farzandlarim fransuz tilida gapirishadi, lekin qishloqda bo‘lganimizda o‘g‘lim va jiyanlarim bir-birini tushuna oldi. Bolam eshakka mindi, ko‘chada o‘ynadi, loy kechdi, farzandim men katta bo‘lgan joylarni ko‘rishini, bilishini, his qilishini xohlayman. Meni Vatanim o‘ziga doim tortadi."
"Qizlar ovozi" maktabi asoschisi Kiyamova Nilufar suhbat qildi.