Pitsa Italiyaning mashhur milliy taomi hisoblanadi. Bugun bu tansiq taomni butun dunyo aholisi sevib iste’mol qiladi. Pitsa — bu yumaloq shaklga ega yegulik bo'lib, uning asosini tomatli yoki pomidorli sous va erigan pishloq tashkil etadi. XVII asrda paydo bo’lgan bu taomning hozirgi kunda juda ko’p retseptlari va tayyorlash usullari mavjud. Pitsa tayyorlash uchun ayni bir xildagi masalliqlar mavjud emas, uni har bir kishi o’z istak-xohishidan kelib chiqib o’ziga yoqqan maxsulotlardan tayyorlasa bo’ladi.
PITSA TAYYORLASH USULI: KERAKLI MASALLIQLAR
Xamir uchun:
- 500 g un;
- 30 g yangi xamirturush;
- 1 choy qoshiq shakar;
- 1 choy qoshiq tuz;
- 1 dona tuxum
- 1-1,5 stakan iliq suv (240-320 ml).
Pomidorli sous:
- 3 ta pomidor, tozalangan va to’g’ralgan;
- 1/2 choy qoshiq shakar;
- tuz;
- 2 osh qoshiq tomat pastasi.
Qo’shimchalar:
- 300 gramm maydalangan qattiq pishloq (ixtiyoriy);
- qo’ziqorin;
- zaytun;
- dudlangan kolbasa;
- shirin bulg’or qalampiri;
- pomidor;
- qaynatilgan tovuq go'shti
Pitsa tayyorlashning eng qulay jihati shundaki, siz masalliqlarni o’z xohishingizga ko'ra tanlashingiz mumkin!
UY SHAROITIDA PITSA TAYYORLASH RETSEPTI: BOSQICHMA-BOSQICH
- Ishni xamir qorishdan boshlaymiz. Eng avvalo un, xamirturush va shakarni bir idishga solib aralashtirib olamiz.
- So’ngra unga , suv, tuxum va tuz solib, xamir qoramiz. Xamir o’rtacha yumshoqlikda bo’lishi kerak.
- Tayyor xamirni 0,5-1 soatga tindirishga qo’yamiz.
- Xamir tinguniga qadar pomidorli sousimizni tayyorlab olamiz. Buning uchun pomidorni maydalab to'g'rab, unga tomatli sous (yoki ketchupdan ham foydalanish mumkin) aralashtiramiz.
- Tindirilgan xamirni xohishga ko’ra yupqa yoki qalinroq qilib aylana shaklida yoyamiz.
- Yoyilgan xamir ustiga sous suramiz. So’ng ketma-ketlikda to’g’ralgan masalliqlarimizni terib chiqamiz va gaz pechiga 200ºC haroratda 12 daqiqaga qo’yib olamiz. Bunda masalliqlar va xamir deyarli to'liq pishadi. Shundan so’ng pitsa ustiga maydalangan pishloq sepib chiqamiz va yana 3 daqiqaga qizdirilgan gaz pechiga qo’yib, pishloq yetarli darajada eriguncha pishirib olamiz.
Yoqimli ishtaha.